Tadbirkorman. Elektr tarmog‘iga ulanish uchun qayerga va qanday murojaat qilishim kerak?
2026-08-06 16:40:00 / Yangiliklar

1. Ariza yuborish
Iste’molchi Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali “Elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shart olish” davlat xizmati bo‘yicha ariza yuboradi.
Arizada STIR (yoki JSHSHIR), obyekt manzili, telefon raqami, so‘ralayotgan elektr quvvati, elektr ta’minoti ishonchliligi toifasi (I, II yoki III) ko‘rsatiladi.
2. Texnik shartni rasmiylashtirish
Ariza Hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga kelib tushgach obyekt o‘rganiladi va 3 ish kuni ichida texnik shart hamda bajariladigan ishlar bo‘yicha tijorat taklifi (shartnoma) elektron tarzda iste’molchiga yuboriladi.
3. Shartnoma tuzish
Iste’molchi tijorat taklifini ko‘rib chiqib, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzishi yoki litsenziyaga ega boshqa pudratchi tashkilot bilan shartnoma rasmiylashtirishi mumkin.
4. Elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqish
Shartnoma tuzilgan tashkilot (loyiha tashkiloti) texnik shart asosida elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqadi.
Agar loyiha pudratchi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lsa, u belgilangan tartibda HET va “O‘zenergoinspeksiya” bilan elektron tarzda kelishiladi.
5. Loyihani kelishish
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi kelib tushgan loyihani 6–10 kV elektr tarmoqlari uchun — 3 ish kunida, 35 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari uchun — 5 ish kunida ko‘rib chiqadi hamda “O‘zenergoinspeksiya”ga elektron tarzda yuboradi.
6. Qurilish-montaj ishlari
Kelishilgan loyiha asosida pudratchi tomonidan qurilish-montaj, sinov va sozlash ishlari amalga oshiriladi.
7. Ekspluatatsiyaga ruxsat olish
Qurilish-montaj ishlari tugallangach, pudratchi obyektni ekspluatatsiyaga qabul qilish uchun hujjatlarni “O‘zenergoinspeksiya”ga yuboradi.
8. Texnik ko‘rik
“O‘zenergoinspeksiya” va Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari obyektni joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazadi.
Talablar bajarilgan bo‘lsa, 3 ish kuni ichida ekspluatatsiyaga ruxsat berish bayonnomasi elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi.
9. Elektr tarmog‘iga ulanish
Pudratchi bayonnomani iste’molchiga taqdim etadi.
Iste’molchi bayonnomani Hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga taqdim etgach elektr energiyasidan foydalanish shartnomasi 1 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi va obyekt elektr tarmog‘iga ulanadi.





