Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda tezkorlik, sifat va qayta aloqa ustuvor vazifa bo‘ladi
2026-08-05 21:30:00 / Yangiliklar

Elektr va gaz ta’minoti sohasidagi 1154 va 1104 Call-markazlari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomaning dastlabki natijalari iste’molchilarni eng ko‘p qiynayotgan masalalarni aniq ko‘rsatdi. Murojaatlarning asosiy qismi elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar hamda ASKUE va ASKUG tizimlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, Call-markazga ulanishdagi qiyinchiliklar, kutish vaqtining uzoqligi, murojaatlar bo‘yicha tezkor va aniq ma’lumot olish hamda qayta aloqaning yetarli emasligi kabi masalalar qayd etildi.
Shu munosabat bilan Energetika vaziri "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va "Hududgazta’minot" AJda bo‘lib, iste’molchilar bilan ishlash jarayonlari hamda Call-markazlar faoliyatini joyida o‘rgandi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJda Call-markaz faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, operatorlar sonini mavjud murojaatlar hajmidan kelib chiqib oshirish, elektr ta’minoti tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda iste’molchilarga tezkor, aniq va to‘liq ma’lumot taqdim etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, rejali va avariyaviy o‘chirishlar haqida mobil ilova orqali iste’molchilarni tezkor xabardor qilish, shuningdek, iste’molchilarga elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozlik va avariyaviy holatlar haqida mobil ilova orqali xabar yuborish imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Call-markazning ishlash tartibini qayta ko‘rib chiqish, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish hamda uni rivojlangan Call-markazlar talablariga to‘liq javob beradigan zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimiga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
"Hududgazta’minot" AJda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari hamda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishildi. Jumladan, Vaziyatlar markazi faoliyati, gaz ta’minoti tizimini uzluksiz nazorat qilish, tezkor tahlil va boshqaruv qarorlarini qabul qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, "ArGIS Onlayn boshqaruv" tizimi orqali gaz ta’minoti infratuzilmasini real vaqt rejimida monitoring qilish, avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash, dispetcherlik boshqaruvini takomillashtirish hamda tizim samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Call-markaz faoliyatida mavjud imkoniyatlarga qo‘shimcha ravishda ishlab chiqilayotgan mobil xizmatlar va sun’iy intellekt yechimlarini amaliyotga joriy etish, raqamli xizmatlarni kengaytirish hamda iste’molchilar bilan qayta aloqa mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, iste’molchilar uchun mobil ilova orqali taklif va mulohazalar yuborish imkoniyatini yaratish, mavjud xizmatlarni takomillashtirish va yangi raqamli xizmatlarni joriy etish bo‘yicha foydalanuvchilar fikrini muntazam o‘rganib borish vazifasi qo‘yildi.
Ta’kidlanganidek, iste’molchilarning taklif va mulohazalari aholi ehtiyojlariga mos, qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



