Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari yanada takomillashtirildi
2026-07-31 10:25:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-apreldagi 213-son qarori bilan mazkur qoidalarga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi tartiblar 2026-yilning 31-iyulidan kuchga kiradi.
Xo‘sh, bu o‘zgarishlar nimani anglatadi? Iste’molchilar uchun qanday yengilliklar yaratiladi? Qanday yangi talablar joriy etilmoqda?
Keling, bu haqda sodda va tushunarli tarzda to‘xtalib o‘tamiz.
Birinchi muhim o‘zgarish. Elektr ta’minoti tizimi bosqichma-bosqich yangi model asosida tashkil etiladi.
Qoidalarda shu paytgacha ishlatib kelingan “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” atamasi o‘rniga “ta’minotchi” atamasi qo‘llaniladi.
Bu shunchaki nom almashishi emas. Ushbu o‘zgarish kelajakda elektr energiyasi bozorida bir nechta ta’minotchi faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan raqobatli tizimga bosqichma-bosqich o‘tish uchun huquqiy asos yaratadi.
Natijada elektr ta’minoti tizimi yanada zamonaviy va samarali model asosida rivojlanadi.
Ikkinchi muhim o‘zgarish. Elektr ta’minoti shartnomalari endi elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi shartnoma elektron shaklda tuziladi.
U elektron hujjat aylanish tizimi orqali iste’molchiga yuboriladi. Shartnomaning namunaviy shakli esa Energetika bozori regulyatori tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Buning natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik qisqaradi, shartnoma rasmiylashtirish tezlashadi, davlat idoralariga borishga ehtiyoj kamayadi hamda inson omili sezilarli darajada qisqaradi.
Uchinchi muhim o‘zgarish. Elektr ta’minoti shartnomalarini elektron bazaga kiritish majburiy bo‘ladi.
Yangi tartibga muvofiq, rasmiylashtirilgan har bir shartnoma bir ish kuni ichida ta’minotchining elektron bazasiga kiritiladi. Bu ma’lumotlarni xavfsiz saqlash, ularning yo‘qolishi yoki o‘zgartirilishining oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchi muhim o‘zgarish. Korxona yoki tashkilot boshqa manzilga ko‘chganda yangi tartib amal qiladi.
Maishiy iste’molchilardan tashqari barcha iste’molchilar egallab turgan binoni topshirish, sotish yoki boshqa sabablarga ko‘ra bo‘shatsa, bu haqda ta’minotchini oldindan yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Shuningdek, ko‘chib ketishdan avval elektr energiyasi uchun to‘liq hisob-kitob qilishi lozim.
Shundan keyin elektr ta’minoti to‘xtatiladi, yangi egasiga esa elektr ta’minoti belgilangan tartibda qayta rasmiylashtiriladi.
Bu esa avvalgi iste’molchining qarzdorligi yangi mulk egasi zimmasiga o‘tib ketishi kabi bahsli holatlarning oldini oladi.
Beshinchi muhim o‘zgarish. Elektr tarmoqlarining muhofaza zonasida joylashgan noqonuniy obyektlarga elektr ta’minoti shartnomasi tuzilmaydi.
Bu, avvalo, elektr xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda elektr tarmoqlarining ishonchli ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Oltinchi muhim o‘zgarish. Subiste’molchilar bilan hisob-kitob qilish tartibi aniq belgilanmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasining texnologik sarfi bo‘yicha hisob-kitoblar shartnomada belgilanishi yoki tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Bu, ayniqsa, sanoat zonalari, biznes markazlari va bir nechta iste’molchi bitta tarmoq orqali elektr energiyasi oladigan ob’ektlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Yettinchi muhim o‘zgarish. Qoidabuzarliklarni aniqlash jarayonida inson omili yanada qisqartiradi.
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarida hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori, “E-dalolatnoma” elektron tizimi orqali avtomatik hisoblanadi.
Faqat texnik imkoniyat bo‘lmagan holatdagina maxsus komissiya
hisob-kitobni amalga oshiradi. Bu esa hisob-kitoblarning shaffofligi va xolisligini ta’minlaydi.
Sakkizinchi muhim o‘zgarish. Hisoblagich vaqtincha yechib olinganda ham elektr ta’minoti to‘xtab qolmaydi.
Agar hisoblagich tekshiruv yoki boshqa sabablarga ko‘ra vaqtincha yechilsa, ta’minotchi vaqtinchalik hisoblagich o‘rnatishi yoki o‘rtacha kunlik iste’mol asosida hisob-kitob yuritishi mumkin.
Bunda bu davr bir oydan oshmasligi belgilangan. Bu iste’molchining elektr ta’minoti uzluksiz davom etishini ta’minlaydi.
To‘kkizinchi muhim o‘zgarish. Hisoblagichga noqonuniy aralashuv aniqlansa, choralar qat’iylashtiriladi.
Agar hisoblagich yoki o‘lchov transformatoriga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani aniqlansa, iste’molchi belgilangan tartibda elektr tarmog‘idan uziladi va tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Bu halol iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish hamda elektr energiyasini talon-toroj qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
O‘ninchi muhim o‘zgarish. Hisobga olinmagan elektr energiyasi endi texnik ma’lumotlar asosida hisoblanadi.
Agar hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani yoki ulanish sxemasi o‘zgartirilgani aniqlansa, hisob-kitob hisoblagich xotirasi, Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT) ma’lumotlari va boshqa texnik manbalar asosida amalga oshiriladi.
Bu hisob-kitoblarning aniqligi va adolatliligini ta’minlaydi.
O‘n birinchi muhim o‘zgarish. Ayrim og‘ir qoidabuzarliklar uchun zarar miqdori yanada qat’iy tartibda hisoblanadi.
Jumladan, shartnomasiz tarmoqqa ulanish, hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatish yoki hisoblagichdan tashqari ulanish kabi holatlar aniqlansa, hisobga olinmagan elektr energiyasi amaldagi tarifning uch baravari qo‘llangan holda qayta hisoblanadi.
Muhimi, bu tartib barcha iste’molchilarga emas, balki qoidalarni qasddan buzgan holatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
O‘n ikkinchi muhim o‘zgarish. Reaktiv energiya bo‘yicha hisob-kitoblar yanada aniqlashtirilmoqda.
Kompensatsiya uchun qo‘llaniladigan chegirmalar va ustamalar qaysi iste’molchilarga tatbiq etilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Bu tartib, asosan, yuqori quvvatda elektr energiyasi iste’mol qiluvchi yirik korxonalarga taalluqli bo‘lib, maishiy iste’molchilar uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur o‘zgartishlarning asosiy maqsadi elektr energiyasi sohasida xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish, hisob-kitoblarning aniqligi va shaffofligini oshirish, noqonuniy elektr energiyasi iste’moliga qarshi kurashni kuchaytirish hamda ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni zamonaviy elektron tizimlar asosida yanada soddalashtirishdan iboratdir.
Oybek Qo‘chqorov,
Energetika vazirligi bosh yuriskonsulti
