“Yashil” energetika sohasida O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ochildi
2026-07-22 17:40:00 / Yangiliklar

Bugun, 22-iyul kuni Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Energetika vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasi Ichki Mo‘g‘iliston hukumati va Ichki Mo‘g‘iliston texnologiyalar universiteti rahbarlari hamda mutaxassislari, qator oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Ichkі Mo‘g‘uliston Avtonom hududi partiya qo‘mitasi kotibining o‘rinbosari Shi Guanghui, Ichki Mo‘g‘iliston texnologiyalar universiteti vitse-prezidenti, professor Guo Hongfei so‘zga chiqib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyatiga to‘xtaldilar.
Laboratoriya Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning Ichki Mo‘g‘iliston texnologiyalar universiteti hamkorligida “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Uning faoliyati doirasida quyosh, shamol va vodorod energetikasi, energiya saqlash texnologiyalari, aqlli energiya tizimlari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, mazkur laboratoriya Markaziy Osiyoda energiya texnologiyalarini namoyish etish platformasini shakllantirish, ilg‘or texnologiyalarni mahalliylashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.






