Elektr energetika tizimi maksimal talabni ta’minladi: yuqori yuklama sharoitida barqaror faoliyat davom ettirildi
2026-07-21 13:30:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-iyul kuni yuqori issiq havo sharoitida O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 301,9 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Mazkur natija o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 29,3 mln kVt·soatga yoki 10,75 foizga, shuningdek, 18-iyul kuni qayd etilgan oxirgi eng yuqori iste’mol hajmidan 7,5 mln kVt·soatga yoki 2,55 foizga yuqori bo‘ldi.
Shu kuni yagona energetika tizimining kunduzgi eng yuqori soatlardagi (17:22da) maksimal quvvati 14,2 GVtga yetdi.
Shuningdek, 2026-yil 20-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 305,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Bu 18-iyul kuni qayd etilgan 297,1 mln kVt·soatlik avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 8,3 mln kVt·soatga yoki 2,79 foizga yuqori bo‘ldi.
Bu ko‘rsatkichlar anomal issiq havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajaga chiqqanini hamda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun energetika tizimi barqaror ishlaganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, yuqori iste’mol davrida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, elektr tarmoqlaridagi nosozlik va avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etishdi.
Xususan, kecha ayrim hududlarda, jumladan, soat 13:47 da Olmazor tumanining Sebzor mavzesi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 310 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 18:57 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 16:11 da Yakkasaroy va Chilonzor tumanlari iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 1 500 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 16:55 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 16:49 da Yashnobod tumanidagi Uysozlar va Farg‘ona yo‘li hududi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 350 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 22:00 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 17:05 da Chilonzor tumani 1-mavze iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 300 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 22:03 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
21-iyul kuni soat 02:40 da Sergeli tumanining Xonabod va Sultonobod ko‘chasi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 280 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan va elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 05:20 da Olmazor tumanining Sebzor va Taxtapul ko‘chasi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 320 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 07:10 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Yuqori yuklamalar sharoitida energetika tizimi korxona va tashkilotlarining tezkor xizmatlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda.
