O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi
2026-07-14 11:35:00 / Matbuot anjumanlari

Yurtimizda kuzatilayotgan yuqori issiq havo sharoitida O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekordlar qayd etildi.
Xususan, 13-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 281,5 million kVt·soatni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli esa 278,6 million kVt·soatga yetdi. Bu o‘tgan yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 6 million kVt·soatga yoki 2,2 foizga ko‘p.
Ma’lumot uchun, avvalgi yozgi rekord 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda respublikada elektr energiyasining sutkalik iste’moli 272,6 million kVt·soatni tashkil etgan. O‘sha kuni havo harorati markaziy hududlarda +40 °C gacha, cho‘lli hududlarda esa +42…44 °C gacha ko‘tarilgan bo‘lib, joriy yilning 13-iyulida ham xuddi shunday harorat kuzatildi.
Bundan tashqari, havo haroratining oshishi munosabati bilan yaqin kunlarda elektr energiyasi iste’moli va tizim yuklamasi bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda.
Yuqori iste’mol davrida elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalari tomonidan kuchaytirilgan ish rejimi joriy etilgan. Hududlarda navbatchilik asosida faoliyat yurituvchi maxsus avariya-ta’mirlash brigadalari elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelayotgan texnik nosozliklar sababli elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, barcha iste’molchilardan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz.
Ayniqsa, eng yuqori yuklama soatlarida zarurat bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish orqali har birimiz elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish, elektr ta’minoti barqarorligini saqlash hamda uzilishlarning oldini olishga munosib hissa qo‘shishimiz mumkin.
