Qator mutasaddi hamda tegishli idoralar tomonidan metan gaz narxini barqarorlashtirish hamda narxlarning asossiz oshirib yuborilishini oldini olish bo‘yicha jiddiy nazorat olib boriladi
2024-08-02 17:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

AOKAda Energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda gaz narxining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berildi:
Xabaringiz bor, kecha metan gaz narxlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda qator muhokamalar bo‘ldi. Bugun biz ushbu masala yuzasidan batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.
1-avgustdan e’tiboran metan gazni sotishda chegara narxni olib tashlashga qaror qilindi. Endilikda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalaridagi narxni bozor belgilaydi.
Qayd etish kerakki, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini” anglatmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qaroriga asosan, joriy yilning 1 iyunidan boshlab, AGTKSlar uchun realizatsiya qilinadigan 1 kub metr tabiiy gaz narxi (QQS bilan) 1800 so‘m etib belgilanib, 25-maydagi 301-son qaror bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida sotishda gazning eng baland chakana narxi 2024-yilning 1-avgustiga qadar bir kub metr uchun 3 750 so‘m etib belangan edi.
Sotib olinadigan tabiiy gaz narxi va soliqlar stavkalari qat’iy belgilanganligi hamda boshqa saqlash xarajatlarida sezilarli o‘zgarishlar kutilmayotganligini inobatga olib, 1 avgustdan keyin avtomobillar uchun gaz narxi keskin oshishiga yetarli asoslar mavjud emas, deb hisoblaymiz.
Shu bilan birga, bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, hurmatli Prezidentimiz gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kecha Hukumatga qat’iy topshiriq berdilar.
Shuning uchun, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bosh masala bo‘ladi.
Buning uchun, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan metan gaz narxini barqarorlashtirish bilan bir qatorda, narxlarning asossiz oshirib yuborilishini oldini olish bo‘yicha jiddiy nazorat olib boriladi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 1 ming 485 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi mavjud bo‘lib, ularga joriy yil boshidan beri 2 mlrd 800 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Hurmatli brifing ishtirokchilari.
Suyultirilgan gaz narxi iyul oyida 25 foizga oshganligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar berildi.
Aytish kerakki, 2024-yilning 7 oyida birja savdolariga 183,7 ming tonna (o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 43 ming tonna yoki 31 foiz ko‘p) suyultirilgan gaz qo‘yilgan, shundan 170 ming tonnasi o‘rtacha 5,6 mln so‘mdan sotilgan.
Shu bilan birga, iyul oyida birja savdolariga 24,7 ming tonna suyultirilgan gaz qo‘yilib, shundan 24,5 ming tonnasi o‘rtacha 6,44 mln so‘mdan sotilgan.
Ishlab chiqaruvchilar va importerlar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz qo‘yish hajmlari kamayib, mahsulotning o‘rtacha sotilish narxi iyul oyi boshidagiga nisbatan 25 foiz (6 mln so‘mdan → 7,5 mln so‘mgacha) oshgan.
Avgust oyining 7 sanasidan e’tiboran “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan kuniga yana qo‘shimcha 100 tonnadan suyultirilgan gaz birja savdolariga qo‘yib boriladi.
Taklif hajmini oshirish maqsadida joriy yilda 6 ta yangi importyor tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 11,3 ming tonna import suyultirilgan gaz birjada sotilgan.
Xususan, yil boshidan buyon, o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan, birja orqali 32 ming tonna (+23 foiz) ko‘p mahsulot sotilgan bo‘lsa, respublikamizga 59 ming tonna import qilingan (+50 ming tonna ko‘p).
Bugungi kunda suyultirilgan gazning tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinishiga hech qanday taqiq va cheklovlar mavjud emas.
Kelgusida suyultirilgan gaz mahsulotining sotilish narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida, birja savdolarida mahsulot sotib olish uchun tushayotgan talab hajmlaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz bir maromda qo‘yib boriladi.
Aytish joizki, bugungi kunda noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida barcha hududlarda ishchi guruhlar tashkil qilingan bo‘lib, kunlik nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 1 601 ta holatda 369 mlrd so‘mlik 217 mln kub metr tabiiy gazni talon-toroj qilgan iste’molchilar aniqlandi.
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida yetkazilgan zarar miqdorining 155 mlrd so‘mlik qismini tashkil etuvchi
42 foizi 1 568 ta har xil toifadagi iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelsa-da, uning 214 mlrd so‘mlik 58 foizi 33 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tomonidan talon-toroj qilingan.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugun nazorat tizimini raqamlashtirish, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan kunlik realizatsiya qilinayotgan tabiiy gaz hajmini onlayn kuzatib borish va gaz ballonlarning portlashini oldini olish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan. U dastlab Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatidagi 3 ta AGTKShda tajriba sinovidan o‘tkazildi hamda Toshkent shahridagi bitta shoxobchada to‘liq ishga tushirildi.
2025-yil 1-yanvarga qadar barcha shoxobchada gaz to‘ldirish ustunlariga qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatilib, realizatsiya qilinayotgan gaz hajmi onlayn kuzatib boriladi.
Bundan tashqari, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari hududlari kuzatuv kameralari bilan jihozlanib, avtomobil raqami orqali avtomobilga o‘rnatilgan gaz balloni sinovdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi aniqlanadi.
Shu bilan birga, metan, propan va benzin zapravkalarida sotilayotgan yoqilg‘i narxlarining sun’iy ravishda oshirilishi holatlarini oldini olish bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, “O‘zenergoinspeksiya” hamda Soliq qo‘mitasiga bir qator vazifalar yuklatildi.
Endilikda sotilayotgan yoqilg‘ilarning narxlarini sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, mazkur tadbirkorlik sub’ektlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ularga yoqilg‘i yetkazib berilishi to‘xtatiladi.
Hurmatli iste’molchilar, agar siz metan gaz narxining asossiz ravishda oshirilishi holatlariga duch kelsangiz, Raqobat qo‘mitasining 71-207-47-00, 71-207-48-00 yoki 1159 qisqa raqamiga, shuningdek, Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqami hamda “O‘zenergoinspeksiya”ning 71-200-02-86 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
