Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qonun qabul qilindi
2026-06-24 12:50:00 / Yangiliklar

- korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi;
- korrupsiya uchun javobgarlik va jazo choralari kuchaytirilmoqda;
- korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning himoyasi taʼminlanmoqda;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda komplayens va ichki nazorat tuzilmalari vakolatlari asosiy qonunda aks etdi;
- davlat xaridlarida korrupsiyaviy omillarni qisqartirish choralari kuchaytirildi;
- korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Jumladan:
▫️Jinoyat kodeksida:
- “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga taʼrif berilib, unga 18 turdagi jinoyat kiritildi;
- korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirildi;
- o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik uchun takroran hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist bo‘la turib yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi.
▫️Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda:
- davlat xaridlarida xarid predmetining boshlang‘ich narxini shakllantirish tartibini buzish, shuningdek, boshlang‘ich narx hamda o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdorini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanishi va Kengashning rahbar organlari qonun darajasida belgilandi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari alohida moddada aniq aks ettirildi;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha tarzda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha 8 ta yangi vazifa yuklatildi.
Qonunda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari va huquqlari, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari mustahkamlandi.
Unga ko'ra, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasida bo‘ladi, ularga nisbatan tergov va protsessual harakatlar Bosh prokurorning ruxsati bilan yoki uni xabardor etgan holda amalga oshiriladi.
Qonunga muvofiq, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.
Elektron reestrga kiritilgan shaxslarga davlat xizmatiga kirish, saylanadigan tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatish, davlat xaridlari va DXSH bitimlarida ishtirokchi sifatida qatnashish taqiqlanadi.
O‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan tashkilotda korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida xabar bergan shaxslarga nisbatan Agentlikni xabardor qilmasdan 2 yil davomida intizomiy jazo qo‘llash mumkin emas.
