Bishkek shahrida ShHT mamlakatlari energetika vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-06-19 13:30:00 / Yangiliklar

19-iyun kuni Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar energetika vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida ShHT mamlakatlari o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashi sammitida ilgari surilgan ShHTga a’zo davlatlar Energetika konsorsiumini tashkil etish tashabbusini alohida ta’kidladi.
Mazkur tashabbus doirasida ShHTga a’zo davlatlar Energetika konsorsiumini tashkil etish konsepsiyasi loyihasi taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, konsorsium qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ochiq hamda amaliy mexanizmga aylanishi kutilmoqda.
Muhokamalar yakunida mazkur hujjatni birgalikda ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Qirg‘iz tomoni Bishkek shahrida ShHTga a’zo davlatlar uchun energiya samaradorligi va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Ishtirokchilar mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror energetik rivojlanishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
