Sirdaryoda tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-03 17:30:00 / Yangiliklar

#ochiq_muloqot
2026-yil 3-iyun kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Tadbirkorlar va hunarmandlar” markazida kichik va o‘rta biznes subyektlari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Biznes-ombudsman devoni, Savdo-sanoat palatasi, Sirdaryo viloyati hokimligi, shuningdek, Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali hamda “Hududgazta’minot” AJ Sirdaryo hududiy filiali rahbariyati vakillari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan taklif hamda murojaatlar tinglandi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning savollariga tegishli tushuntirishlar berilib, ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Tadbirkorlar o‘z murojaatlarini 1100 yoki 1094 qisqa raqamlari orqali, shuningdek, @ochiqmuloqot2026_bot orqali yo‘llashlari mumkin.


