O‘zbekiston-Hindiston energetika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-05-18 20:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 18-may kuni Toshkentda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Hindistonning “Adani Group” kompaniyasining xalqaro energetika bo‘yicha bosh ijrochi direktori Amit Singh bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarmoqlarda samaradorlikni oshirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda “yashil” energetika quvvatlarini kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish va energetika sohasida innovatsion yechimlarni tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va energetika tizimining barqarorligini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: “Adani Group” elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya, logistika, infratuzilma va sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi Hindistonning yetakchi xususiy kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya dunyoning qator mamlakatlarida yirik energetika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.


