Energetika vazirligi mutaxassislari Xitoyda kam uglerodli va toza energetika masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminarlarda ishtirok etmoqda
2026-05-15 09:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi tomonidan Xitoy neft universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro o‘quv seminarlarida ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbirlar rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida muloqot va tajriba almashuvini kengaytirish, zamonaviy energetika texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, shuningdek, “yashil” taraqqiyot tamoyillari asosida past uglerodli energetikaga barqaror o‘tish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Seminarlar ikki asosiy yo‘nalishda o‘tkazilmoqda. Xususan, “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun past uglerodli energetika, uglerod cho‘qqisi va uglerod neytralligiga o‘tish bo‘yicha seminar” va “Rivojlanayotgan mamlakatlarda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish — toza energiya mavzusi bo‘yicha seminar”.
Mazkur mavzular bugungi global iqlim o‘zgarishi sharoitida jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonida zararli tashlamalarni qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha amaliy yondashuvlar xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlariga aylangan.
Shu nuqtayi nazardan, mazkur seminarlar ishtirokchi davlatlar uchun zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or tajriba va innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishish, sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda energetika tizimlarini ekologik jihatdan barqaror modellarga transformatsiya qilish borasida muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirlarda Osiyo, Afrika, Yevropa va Tinch okeani mintaqasidagi 10 dan ortiq davlatlar vakillari ishtirok etmoqda. Xususan, O‘zbekiston, Mongoliya, Laos, Kambodja, Turkiya, Shimoliy Makedoniya, Misr, Keniya, Nigeriya, Zambiya, Kabo-Verde hamda Solomon orollari energetika sohasi tashkilotlaridan jami 53 nafar mutaxassis qatnashmoqda.
Seminarlar doirasida toza energiya texnologiyalari, uglerod chiqindilarini kamaytirish mexanizmlari, “yashil” energetika investitsiyalari, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda barqaror energetika siyosatini shakllantirish bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 5 582 MVt bo‘lgan 20 ta yirik “yashil” elektr stansiyasi, jumladan, 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, umumiy quvvati 1 545 MVt bo‘lgan 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalari Navoiy, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Namangan, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritib, O‘zbekiston xaritasida “yashil” energetika qamrovi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Ushbu “yashil” elektr stansiyalari tomonidan 2022-yilda 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda 576,9 mln kVt⋅soat, 2024-yilda 4,9 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 10,5 mlrd kVt⋅soatga yetdi. 2026-yilning o‘tgan davrida esa 4 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizlik o‘sish qayd etildi.
2030-yilga borib yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvatini 21 GVtga, jumladan, 9,5 GVt quyosh va 11,5 GVt shamol energetikasi hissasiga yetkazish hamda yiliga 60 mlrd kVt⋅soat “yashil” energiya ishlab chiqarish rejalashtirilgan.




