O‘zbekiston Energetika haftaligi doirasida “Energetika sohasida ayollar: yetakchilikka yo‘l” mavzusida muhokama sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
2026-05-13 15:00:00 / Yangiliklar

Unda energetika tarmog‘ida xotin-qizlarning o‘rni, ularning professional va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, inklyuziv korporativ muhitni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyada Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Dilshoda Rustamova ma’ruza bilan ishtirok etdi.
U o‘z chiqishida Energetika vazirligining gender strategiyasini taqdim etib, unda xodimlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, energetika sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar siyosatida gender muvozanatini rivojlantirish, shuningdek, gender belgisi bo‘yicha kamsitish va biryoqlama munosabatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida yuqori texnologiyali sohalarda ayollarning karyera rivoji, madaniy va institutsional to‘siqlarni yengib o‘tish, hissiy intellekt va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ish va shaxsiy hayot muvozanatini saqlash, STEM ta’limini rivojlantirish hamda qizlarning fan va texnologiyalarga qiziqishini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sessiya yakunida energetika sohasida xotin-qizlar salohiyatini kengaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va professional rivojlanishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.


