“O‘zbekiston energetika haftaligi”: “bp” xalqaro kompaniyasi Ustyurt hududidagi mahsulot taqsimotiga oid bitimga qo‘shildi
2026-05-13 11:35:00 / Yangiliklar

Mazkur bitim Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt mintaqasida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston neft va gazi – 2026” xalqaro konferensiyasi doirasida imzolangan kelishuvda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, Ozarbayjon Respublikasining SOCAR kompaniyasi prezidenti Rovshan Najaf hamda “bp” kompaniyasining Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Djiovanni Kristofoli ishtirok etdi.
Mazkur loyiha kompaniyaning O‘zbekistondagi ilk tashabbusi bo‘lib, u “O‘zbekneftgaz” va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Katta resurs salohiyatiga ega bulgan ushbu loyiha neft-gaz resurslarini qidirish va o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirish va uzoq muddatli manfaatlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) “bp” kompaniyasining kidiruv portfelini kengaytirish va uzoq muddatli o‘sish strategiyasining muhim qismi ekani qayd etildi.
Bitimdagi tomonlarning ulushlari quyidagicha belgilangan:
“bp” kompaniyasi – 40 foiz,
“SOCAR” kompaniyasi – 30 foiz va “O‘zbekneftgaz” AJ – 30 foiz.
Ma’lumot uchun, ushbu MTB dastlab 2025-yil 24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” va SOCAR o‘rtasida imzolangan. Ayni paytda loyiha birinchi bosqichda bo‘lib, SOCAR operator sifatida seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda.



