Tumanlardagi markaziy ko‘cha, aholi gavjum joylarning katta qismida davlat idoralari joylashgan
2026-04-24 17:30:00 / Yangiliklar

“Ko‘kdala tajribasi” asosida 19 ta tuman-shaharda davlat idoralarini yagona ma’muriy markazga ko‘chirish boshlanmoqda. Lekin qolgan hokimlar o‘zi tashabbus ko‘rsatib, idoralarni bitta binoga olib kelib, elektr, gaz, suv va ta’mirlashga ketadigan xarajatini tejash, tayyor infratuzilmasi bor joylarni tadbirkorlarga taklif qilishni o‘ylamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Vaholanki, shuning o‘zidan davlat idoralarida yiliga 1 milliard 800 million kilovatt-soat elektr va 340 million kub metr gaz tejaladi.
Bu ishlarni barcha tumanlarda tashkil qilish orqali biznes uchun 5 million kvadrat metr joy ochish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlash topshirildi. Joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirish boshlanishi shartligi qayd etildi.
Yangi ma’muriy markazlar qurishda har bir xodimga to‘g‘ri keladigan maydon o‘rtacha 15 kvadrat metrdan oshmasligini ta’minlash topshirildi.
