Aholi murojaatlari joyida o‘rganildi
2026-04-24 16:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xalq murojaatlari bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish va aholini qiynayotgan masalalarni joyida hal etish bo‘yicha Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va mas’ullar ishtirokida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan elektr va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Xususan, elektr tarmoqlarini yangilash, qo‘shimcha transformator o‘rnatish, eski simog‘ochlarni almashtirish, mahallalarda kuchlanish muammolarini bartaraf etish hamda ko‘cha yoritish tizimini yaxshilashga doir murojaatlar qabul qilindi.
Shuningdek, tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va yangi tarmoqlarga ulanish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat mas’ul tashkilotlar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, fuqarolarga joyida tushuntirishlar berildi.
Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli tizim tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatilib, elektr tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, zarur joylarda transformator quvvatini oshirish, kabel va simog‘och tarmoqlarini yangilash hamda ko‘cha yoritish tizimlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Barcha murojaatlar nazoratga olinib, belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
