Xonadonlarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash tartibi belgilandi
2026-04-23 09:50:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-apreldagi 180-son qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab jismoniy shaxslarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash xizmati faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portali orqali ko‘rsatiladi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni “E-gaz” dasturida shakllantiradi.
1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida”gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi “Face ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.
