2026-yil yanvar-mart oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7%ga ko‘p
2026-04-04 10:50:00 / Yangiliklar

Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dildora Xashimova 2026-yilning yanvar-mart oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish hamda murojaatlar bilan ishlash natijalari haqida ma’lumot berdi.
Assalomu alaykum, bugungi kunda respublika bo‘ylab energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ishlar tizimli olib borilmoqda.
Jumladan, 2026-yilning yanvar–mart oylarida respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshdi.
Joriy yilning dastlabki uch oyida respublika bo‘yicha jami 23 milliard 317 million kilovatt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 milliard 471 million kilovatt⋅soatga, ya’ni 7 foizga ko‘p demakdir.
Shu bilan birga, mazkur davrda iste’molchilarga 20 milliard 163 million kilovatt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 262 million kilovatt⋅soatga, yoki 1 foizga oshganini ko‘rsatadi.
Energetika sohasida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari va yangi generatsiya quvvatlarini ishga tushirish elektr ta’minoti barqarorligini oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Energetika vazirligi aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha vazirlik shtabi tuzilib, tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Shtab tomonidan 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 16-martgacha kelib tushgan jami 33 191 ta yaqin murojaatni qayta o‘rganish uchun viloyat, tumanlar/shaharlar kesimida taqsimlanib, ishchi guruhlar tomonidan ulardan 23261 tasida qayta o‘rganildi. Buning natijasida yana 7012 ta murojaat ijobiy hal etilib, jami ijobiy hal etilgan murojaatlar soni 16 197 ta (48,8 %)ga yetkazildi.
Bundan tashqari, aholiga yanada qulaylik yaratish va ochiqlikni ta’minlash maqsadida OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, sayyor qabullar, Call-markazlar hamda dispetcherlik xizmatlari faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan qator amaliy tadbirlar o‘tkazilib, jamoatchilikka tushuntirishlar berilmoqda.
