2026-yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi — bu o‘tgan yilning mos davridagidan 43 foizga ko‘p
2026-03-21 14:10:00 / Yangiliklar

Kecha, 20-mart kuni Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2 mlrd kVt⋅soatga yetdi.
Avval xabar berganimizdek, bugungi kunda yurtimizda umumiy quvvati 5 582 megavatt boʻlgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Maʼlumki, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanila boshlangan 2022-yili Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
2024-yili 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt·soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yilda barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10,5 mlrd kVt⋅soatga yetdi.
Aytish joizki, 2026-yil boshidan kecha, 20-mart kuni holatiga quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 959,2 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 1 mlrd 56,2 mln kVt⋅soat, jami 2 mlrd 15,4 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, 13 fevral kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 mlrd kVt⋅soatni tashkil qilgan edi.
Ma’lumot uchun: 2026-yilning boshidan quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 610,7 mln kVt·soat yoki 43 foizga ko‘p elektr energiyasiishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
➖537 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
➖ atmosferaga 1 mln 158 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olindi.
Qolaversa, joriy yil boshidan kecha, 20-mart kuni holatiga Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalar va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 160 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
➖ 839 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
➖ atmosferaga 1 mln 808 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olindi.
Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 5,2 mln xonadonning 3 oylik yoki 1,3 mln xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.
