Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi seminar tashkil etildi
2026-03-18 09:10:00 / Yangiliklar

Energetika vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq vaziyatlarni bartaraf etish yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, unda belgilangan talab va cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish mexanizmlari hamda amaliyotda uchrashi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ham ma’lumotlar yetkazildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi hamda o‘zaro fikr almashildi.


