Bugun soat 11:00 da elektr energiyasi iste’molining 43 foizi “yashil” manbalari hisobiga qoplandi
2026-03-13 15:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 13-mart kuni O‘zbekiston energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi bo‘yicha navbatdagi rekord darajadagi samaradorlik kuzatildi.
Xususan, bugun, soat 11:00 holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami elektr energiyasi iste’moli 9 900 MVtni tashkil etdi. Ushbu iste’molning 4 300 MVti yoki 43 foizi aynan “yashil” energiya manbalari hisobidan ta’minlandi.
Iste’mol tarkibidagi “yashil” quvvatlar:
Quyosh fotoelektr stansiyalari — 3 100 MVt;
Shamol elektr stansiyalari — 660 MVt;
Gidroelektr stansiyalar — 540 MVt.
Ta’kidlash joizki, yurtimizda ishga tushirilgan yirik quyosh fotoelektr stansiyalarining (15 ta) umumiy quvvati 3 930 MVtni tashkil etadi. Yomg‘ir va qordan keyingi salqin ob-havo quyosh panellarining samaradorligini maksimal darajaga (qariyb 79 foizga) oshirmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar sohadagi islohotlar nafaqat ekologik tozalikni ta’minlayotganini, balki tizim barqarorligining asosiy omiliga aylanayotganini ko‘rsatyapti.
