Energetika vazirining yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lajak energetiklar bilan bo‘lib o‘tdi
2026-03-12 21:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda energetika yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, haftaning har payshanba kuni vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni”ni o‘tkazish amaliyoti doirasida tashkil etildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida talabalar sohadagi islohotlar, o‘zlarining kasbiy rivojlanishi, innovatsiyalarni joriy etish hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Energetika vaziri yoshlarning savollariga batafsil javob berib, ular bilan erkin suhbatlashdi. Shuningdek, talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni atroflicha ko‘rib chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Tadbir yakunida bo‘lajak energetiklarning tashabbuskorligi va bilim salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli amaliyot o‘tashlari va kelgusida tizimda munosib o‘rin topishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish vazirlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.








