Yoshlar va qayta tiklanuvchi energetika — bu mamlakat kelajagiga sarmoya
2026-02-06 18:20:00 / Yangiliklar

Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutiga Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti talabalari tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida talabalar institut laboratoriyalarida olib borilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar hamda tajribalar bilan tanishib, qayta tiklanuvchi energetika va “yashil iqtisodiyot” sohasining amaliy jihatlari bo‘yicha keng tasavvurga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, talabalar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilib, unda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar, innovatsion yondashuvlar hamda sohani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Seminarlar yoshlarda sohaga bo‘lgan qiziqishni oshirish va amaliy bilim hamda ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Bugun jahonda kechayotgan “yashil transformatsiya” jarayonlari sharoitida, O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan energetika strategiyasida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu jihatdan, yoshlarni qayta tiklanuvchi energetika sohasiga jalb etish, ularni ilmiy va amaliy jarayonlar bilan tanishtirish barqaror hamda raqobatbardosh energetika tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






