2025-yil davomida tabiiy gaz taʼminotida 173 mingdan ortiq noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi
2026-02-03 18:30:00 / Yangiliklar

“Hududgaztaʼminot” AJning Komplayens nazorat tuzilmalari, aholi, kichik va oʻrta biznes hamda yirik isteʼmolchilar bilan ishlash boshqarmalari xodimlari tomonidan 2025-yil davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va qoidabuzarliklarni oldinini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari muntazam olib borildi.
Nazorat tadbirlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, shuningdek, gaz taʼminoti xodimlaridan iborat ishchi guruhlar ishtirokida oʻtkazilgan. Shu bilan bir qatorda gazdan foydalanish holatini oʻrganish boʻyicha xatlov jarayonlarida ham qator qoidabuzilish hamda noqonuniy holatlar aniqlangan.
Tabiiy gaz taʼminoti yoʻnalishida 2025-yil davomida gaz taʼminoti xodimlari ishtirokida jami 173 645 ta noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, 774,6 million kub metr yoki 1 trillion 667 milliard 511 million soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan.
Suyultirilgan gaz taʼminoti yoʻnalishidagi tadbirlar davomida 285 ta noqonuniy “bunker”lar faoliyatiga chek qoʻyilib, 12 355 dona maishiy gaz ballonlar va 137,7 tonna suyultirilgan gaz noqonuniy sotilishi oldi olingan. Shuningdek, 95 tonna suyultirilgan gaz talon-taroj qilinganligi aniqlanib, zararni undirish uchun materiallar huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Shu oʻrinda, “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilardan energiya resurslaridan amaldagi qoidalarga qatʼiy rioya qilgan foydalanishni soʻrab qoladi. Gazdan noqonuniy foydalanish qonunga muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini eslatib oʻtamiz.
