Brifing: 20-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot
2026-01-21 13:20:00 / Yangiliklar

Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dildora Xashimova 20-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Kecha, 20-yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 272,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 106 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Respublika iste’molchilariga 249,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 145,5 mln kub metrni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.
2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109% ko‘p) suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Aholi va ijtimoiy soha obyektlariga 2 ming 200 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida 6,9 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilgan.
Bundan tashqari birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshirildi. Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 20-yanvar kuni birja savdolariga jami 12 ming tonna avtobenzin va 25 ming tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 5 ming tonna benzin va 11 275 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.
Shuningdek, birja savdolariga 2,3 ming tonna suyultirilgan gaz chiqarildi va shuncha hajmda sotildi.
Vazirlik tizimidagi korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari ham o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan Shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishini davom ettiradi.
Elektr va gaz ta’minoti tashkilotlarida avariya brigadalari shay holatga keltirilgan, ular maxsus transport vositalari hamda eng muhim ehtiyot qismlari bilan ta’minlangan.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 4 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilib, ta’minot tiklandi.
Elektr ta’minotida avariyaviy o‘chishlar: 20-yanvar kuni soat 09:10 da Qashqadaryo viloyati Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarining ayrim hududlaridagi 21 mingta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Energetiklar tomonidan ushbu nosozlik soat 13:43 da bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 12:13 da Yashnobod tumanining Tabassum va Farg‘ona yo‘li ko‘chalaridagi 180 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Ushbu uzilish avariya brigadalari tomonidan soat 13:50 da bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 21:20 da Yashnobod tumani Mahzuna va Beshbola ko‘chaslaridagi 300 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. 21-yanvar soat 00:10 da iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 23:47 da Yakkasaroy va Mirobod tumanlaridagi 1 575 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Ushbu nosozlik energetiklar tomonidan 21-yanvar kuni soat 01:58 da bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha: Soat 13:00 da Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani va Qumqo‘rg‘on shahri hududidagi gaz quvurida gaz sizib chiqish holati aniqlanganligi sababli hududdagi 4 400 ta aholi va 70 ta ulgurji iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu nosozlik avariya brigadalari tomonidan soat 16:00 da ta’mirlash ishlari yakunlanib, iste’molchilarning tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklangan.
Iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rish bo‘yicha brigadalar faoliyati tashkil etilgan. Hududiy elektr va gaz ta’minoti filiallarida tashkil etilgan “Call markaz”lar 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda va iste’molchilarning murojaatlari to‘xtovsiz qabul qilinmoqda. 20-yanvar kuni elektr va gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha iste’molchilardan 18 ming 35 ta murojaat kelib tushgan va barchasiga tegishliligi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Noqonuniy holatlar bo‘yicha: o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Buxoro shahrida fuqaro B. B. ga qarashli bino tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida 914,5 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Buxoro shahridagi Otbozor mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro S.J xonadonida gaz hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan gaz quvuriga ulanganligi aniqlandi. Iste’molchi gaz ta’minoti tashkilotiga 50 mln 166 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Kogon tumanining Geofizika mahallasidagi Quruvchilar ko‘chasida yashovchi fuqaro X.A. ham o‘z xonadonida elektron gaz hisoblash uskunasisiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. Aniqlangan holat bo‘yicha 226 mln 820 ming so‘m miqdorida zarar hisob-kitob qilingan.
Vobkent tumanining Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi iste’molchi O‘.Q. gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, rezina shlang orqali noqonuniy foydalangan va 39 mln 679 ming so‘mlik zarar keltirgan.
Navoiy shahrida “M. N. K.” MChJga qarashli binoda hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgan holda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida 389,9 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Qarshi tumanida “X.” MFY binosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida 362,6 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Yangier shahrining “Abdurahmon Jomiy” mahallasidagi Chiroqchi ko‘chasida iste’molchi xonadonida gaz hisoblash uskunasidan tashqari, polietilen quvur orqali tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olgani ma’lum bo‘ldi, 66 million 432 ming so‘m zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yunusobod tumanidagi Buyuk Turon mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskani hisoblagichdan tashqari yashirin tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 1 milliard 605 million so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi noqonuniy holatlar bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Batafsil ma’lumotlar bilan Energetika vazirligi va elektr hamda gaz ta’minoti tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali tanishib borishingiz mumkin.
Qishning sovuq kunlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tashkil etilgan, kechayu kunduz ishlaydigan 1 ming 479 ta maxsus brigada safidagi 7 ming 596 nafardan ziyod ishchi-xodim joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Shu o‘rinda 22-24-yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib kelishi munosabati bilan iste’molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz.
Shu bilan birga, yurtdoshlarimizni energiya manbalaridan samarali foydalanishga, ularni isrof qilmaslikka chaqiramiz. Energiya resurslaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish barchamizning birdek burchimizdir. Ushbu resurslardan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishimizning o‘zi ham ta’minot barqarorligiga xizmat qiladi. Shu bois, keraksiz, foydalanilmayotgan paytlarda elektr qurilmalarni tarmoqdan uzib qo‘yishlarini so‘rab qolamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
