“Yashil” energetikani rivojlantirishda yapon kompaniyalari bilan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
2025-12-23 14:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlatimiz rahbarining Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan 18-20 dekabr kunlari ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakat aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida muhim siyosiy voqelik bo‘ldi.
Zero, tashrif doirasidagi muloqotlarda Prezidentimiz tomonidan Yaponiya bilan “yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, o‘ta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi strategik sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirishga doir hamkorlik kelishuvlari energetika barqarorligini taʼminlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbarining yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari hamda biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralari ularning yangi O‘zbekistonga, mamlakatimizda kechayotgan islohotlarga ishonchini yana-da mustahkamladi. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitida O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan taklif va tashabbuslar mintaqamiz va kunchiqar mamlakat o‘rtasidagi integratsiyani yana-da rivojlantirish, barcha sohalarda taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Taʼkidlash joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi. Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar
transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Eng muhimi, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan mazkur o‘zgarishlar natijasida Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy va texnologik sheriklaridan biriga aylandi.
Bugun savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy surʼat kuzatilmoqda. Xususan, oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi. Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi. Tashrifda strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish hamda energetika va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Samarqand viloyatida ikkita quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimlari qurilishi boshlangani, mazkur loyihani shamol elektr stansiyalari va saqlash quvvatlari asosida Qoraqalpog‘istonda ham tez fursatlarda amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Bunday amaliy hamkorlikni Sirdaryo viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasini barpo etishda Yaponiya kompaniyalari konsorsum tarkibida ishtirok etayotganida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, bugun shamol elektr stansiyalarida o‘lchov ishlarida ishtirok etayotgan yapon kompaniyalari investitsiya kiritish uchun tayyorligini maʼlum qildi. Yapon kompaniyalari tajribasi va sarmoyasini, avvalo, infratuzilma, yaʼni yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari, podstansiyalar qurilishiga jalb etish muhim.
Prezidentimizning Tokio shahridagi ishbilarmonlik tadbirlari doirasida “Sumitomo Corporation” kompaniyasi prezidenti Shingo Uenoni bilan uchrashuvida bu kompaniya bilan o‘ta yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlar ishlab chiqarish va tez tibbiy yordam mashinalari parkini modernizatsiya qilishda ishtirok etish rejalari kelishib olindi.
Umuman olganda, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirishga doir hamkorlik kelishuvlari energetika barqarorligini taʼminlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jo‘rabek MIRZAMAHMUDOV,
Energetika vaziri
