Senat: Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra Energetika vazirligi 86 ball (yaxshi) olgan
2025-12-12 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11-dekabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, hukumat aʼzosi hamda hokim lavozimiga nomzodlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etish, sudlar ishini yana-da maqbullashtirish, shuningdek ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik va yerdan qonunga xilof ravishda foydalanish hollarining oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartirishlar kiritilib, hukumat aʼzosi va hokim lavozimiga nomzodlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish rejasi taqdim etilishini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslarga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibida ko‘rib chiqish uchun asos bo‘luvchi daʼvoning bahosini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy sudlarga kiritilgan daʼvolar yuzasidan maxsus iqtisodiy zonalarning va sanoat zonalarining direksiyalari davlat bojini to‘lashdan ozod etilmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining hamda hokimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi masʼuliyati va hisobdorligini oshirishga, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, investitsiya muhiti yaxshilanishini hamda yerdan oqilona va samarali foydalanilishini taʼminlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi.
Shundan so‘ng majlis ishtirokchilari Energetika hamda Transport vazirliklarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi holatini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda modernizatsiya jarayonida energetika va transport tizimlari milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlovchi asosiy omillardan biriga aylandi.
Energetika va transport vazirliklari tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra, Energetika vazirligi 86 ball (yaxshi) va Transport vazirligi 79 ball (qoniqarli) olgan.
Mazkur vazirliklar faoliyatining ochiqligini taʼminlash hamda sohada amalga oshirilgan ishlar keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 100 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy veb-saytlarida 1000 dan ortiq maʼlumotlar eʼlon qilingan.
Jumladan, ish rejalari ijrosi, vazirlikka tegishli avtomototransport vositalari, xarajatlar smetasi, hisobot yig‘ilishlari, byudjet hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalar, davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar eʼlon qilib borilgan.
“Korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi takomillashtirilgan.
Raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etish hamda inson omilini kamaytirish orqali sohalarda shaffoflik va korrupsiya holatlarining oldini olish choralari ko‘rilgan.
Transport vazirligi tomonidan Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarining avtobus qatnovlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Havo hamda temir yo‘l chiptalarini onlayn sotish tizimi yaratilgan.
Biroq o‘rganishlar natijasida ayrim eʼtibordan chetda qolib ketayotgan masalalar ham borligini ko‘rsatdi.
Senatorlar tomonidan mazkur sohalarda moddiy-texnik taʼminot, tender va xaridlar jarayonida shaffoflik past darajada bo‘lgani, ayrim masʼul shaxslar tomonidan tadbirkorlardan pora olish, tender hujjatlarini qalbakilashtirish hamda tenderda sunʼiy g‘olib bo‘lish kabi holatlar kuzatilganligi tanqid qilindi. Ushbu masalalar bo‘yicha vazirliklarga bir qator tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.


