ASKUE va ASKUGga press-tur tashkil qilindi
2024-04-20 21:30:00 / Matbuot anjumanlari

Bugun, 20-aprel kuni Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi markazlari (ASKUE hamda ASKUG)ga press-tur tashkil qilindi.
Xabaringiz bor, 1-maydan boshlab aholi isteʼmolchilari mamlakatimiz tarixida birinchi marta energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq toʻlay boshlashadi va buni “aqlli” hisoblagichlar amalga oshiradi.
Xoʻsh, mazkur hisoblagichlar qanchalar “aqlli”? Ertaga tizimda yangilanishlar qoʻllanilgach, bu borada aholiga qandaydir muammolar tugʻilmaydimi? Oʻsuvchan tabaqalashtirilgan tarifni aniqlashda qaysi dasturlar asosida maishiy isteʼmolchilarning kundalik xarajati ajratib olinadi? Aholi uchun tizim tashkilotlari veb-saytlarida bu borada qanaqa qulayliklar yaratilmoqda? Press-tur ishtirokchilari ushbu markazlarga tashriflari chogʻida bu haqda tajribali mutaxassislardan batafsil maʼlumot oldilar.
Shu bilan birga, press-tur ishtirokchilari “ASKUE” va “ASKUG” tizimlarining samarasi, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminotini raqamlashtirish jarayonlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida yoʻlga qoʻyilgan yumushlar, isteʼmolchilar uchun yaratilgan qulayliklar va sohadagi boshqa yangiliklar bilan tanishdilar.









