Vazifalar va funksiyalar
Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
1. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlarini hisobga olgan holda respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
- xorijiy investorlarni axborot bilan, huquqiy va boshqa tomondan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy tadbirkorlar bilan investitsiya faoliyati sohasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etishda ularga ko‘maklashish;
- xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi istiqbolli va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ma’lumotlarining axborot bazasini shakllantirish va yuritish, ularning amalga oshirilish holati ustidan doimiy monitoring olib borish;
- respublikaning iqtisodiy, resurs va investitsion salohiyatini keng targ‘ib qilish va ilgari surishni, yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xorijiy investorlarga taqdim etiladigan beriladigan imtiyozlar, afzalliklar haqida chet el ishbilarmon doiralari orasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari olib borishni tashkil etish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro ijobiy imijini shakllantirish va yuqori darajada ushlab turishga har tomonlama ko‘maklashish.
2. Agentlik yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlarini hisobga olgan holda respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
davlat, hududiy va sohaviy investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari qismi bo‘yicha ishtirok etadi;
to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun iqtisodiyotning ustuvor sektorlari va sanoatning eng muhim tarmoqlari ro‘yxatini aniqlash yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlariga istiqbolli investitsiya takliflari va loyihalarini ishlab chiqishda hamda ularni amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy investorlarni topishda ko‘maklashadi;
xorijiy investorlarda ular tomonidan respublika hududida faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi va tizimlashtiradi, shu asosida investitsiya faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda, xorijiy investorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qatnashadi;
b) xorijiy investorlarni axborot bilan, huquqiy va boshqa tomondan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy tadbirkorlar bilan investitsiya faoliyati sohasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etishda ularga ko‘maklashish sohasida:
xorijiy investorlarni investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy asoslari va investitsiya imkoniyatlari, shu jumladan, imtiyozlar, preferensiyalar, investitsiya qilish uchun ustuvor tarmoqlar, turizm, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, tabiiy xomashyo resurslari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa ma’lumotlar bilan ta’minlaydi;
xorijiy investorlarni butun investitsiya faoliyatini amalga oshirish davomida, jumladan, boshlang‘ich va investitsiya kiritilgandan keyingi davrlarda maslahat-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi;
xorijiy investorlarga, ular tomonidan investitsiya faoliyatini amalga oshirishda zarur hujjatlarni ishlab chiqish va rasmiylashtirish, jumladan investitsiya takliflari, investitsiya loyihalari pasportlari, loyihaoldi va loyiha hujjatlari, investitsiya shartnomalari va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha xizmatlar, shu jumladan, pulli xizmatlar ko‘rsatadi;
xorijiy investorlarga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk obyektlarini topish, aniqlash va sotib olishda, shuningdek, davlat xizmatlaridan (tadbirkorlik faoliyati sohasida litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun ruxsatnomalar va boshqalar) foydalanish uchun hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi;
kredit tashkilotlari bilan birgalikda, birinchi navbatda xalqaro moliya institutlari va chet el tijorat banklari kredit liniyalari mablag‘lari hisobiga investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit mablag‘lari ajratish imkoniyatlarini ishlab chiqadi;
xorijiy investorlarning murojaatlari, belgilangan tartibda tezkor ravishda, zarurat tug‘ilganda, investorlarning o‘zlarining bevosita ishtirokida va manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi;
xorijiy investorlarning davlat organlari va tashkilotlari vakillari, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan istiqbolli investitsiya takliflari va loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuvlari va muzokaralarini belgilangan tartibda tashkil etadi;
xorijiy investorlarning O‘zbekiston Respublikasiga va ularning mahalliy hamkorlarining xorijiy mamlakatlarga o‘zaro tashriflarini tashkil etishda ko‘maklashadi;
v) xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi istiqbolli va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ma’lumotlarining axborot bazasini shakllantirish va yuritish, ularning amalga oshirilish holati ustidan doimiy monitoring olib borish sohasida:
ham xorijiy investorlar, ham davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ilgari surilgan istiqbolli va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ma’lumotlari axborot bazasini elektron shaklda shakllantiradi, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi;
amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini, jalb qilingan va o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning, shu jumladan, tashabbuskorlarning mamlakatlari, respublika hududlari, iqtisodiyot tarmoqlari darajasida hisobini yuritadi, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish holati to‘g‘risida statistik va tahliliy davriy ma’lumotlar tayyorlaydi;
ma’lumotlar axborot bazasiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish holatining tizimli monitoringini olib boradi, zarurat tug‘ilganda, ularni amalga oshirish samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga takliflar va tavsiyalar kiritadi;
salohiyatli xorijiy investorlar uchun Internet tarmog‘ida ma’lumotlar axborot bazasiga kiritilgan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ilgari surilgan istiqbolli investitsiya loyihalari haqidagi ma’lumotlarning davriy e’lon qilinishini ta’minlaydi;
g) respublikaning iqtisodiy, resurs va investitsion salohiyatini keng targ‘ib qilish va ilgari surishni, yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xorijiy investorlarga taqdim etiladigan beriladigan imtiyozlar, afzalliklar haqida, chet el ishbilarmon doiralari orasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari olib borishni tashkil etish sohasida:
salohiyatli xorijiy investorlarga respublikadagi mavjud investitsiya imkoniyatlarini yetkazish maqsadida, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ijobiy holatlarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni doimiy ravishda yoritib borish choralarini ko‘radi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini tizimli ravishda baholashni, ekspertlar, xorijiy investorlar va investitsiya faoliyatining boshqa subyektlari orasida so‘rovlar o‘tkazadi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi natijali loyihalarning ma’lumotlar bazasini tahlil qiladi va shakllantiradi;
respublikaning iqtisodiy, sanoat, texnologik va xomashyo salohiyati, shuningdek, investitsiya faoliyati sohasida yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va jalb qilishni rag‘batlantirish choralari haqida materiallar tayyorlashda ishtirok etadi;
xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha biznes yo‘riqnomalar, maxsus adabiyotlar, bukletlar va boshqa axborot materiallarini tayyorlaydi va e’lon qiladi, respublikaning investitsiya salohiyati haqida taqdimot materiallari va videoroliklar tayyorlaydi, ularni keyinchalik salohiyatli xorijiy investorlar orasida tarqatadi;
ommaviy axborot vositalari, jumladan, Internet tarmog‘ida respublika investitsiya salohiyati haqida axborot-reklama materiallarini muntazam joylashtirishni va yangilab borishni ta’minlaydi;
respublika hududida va xorijda chet el ishbilarmon doiralari, dunyoda taniqli kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari va boshqa moliyaviy institutlar orasida respublikaning investitsiya imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish va yoritishga qaratilgan investitsiya va biznes forumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;
xorijiy mamlakatlarda investitsiya muhitining qiyosiy tahlilini o‘tkazadi va respublikada investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
d) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro ijobiy imijini shakllantirish va yuqori darajada ushlab turishga har tomonlama ko‘maklashish sohasida:
xalqaro agentliklar va moliyaviy institutlarning O‘zbekiston Respublikasiga oid reyting baholarini kuzatib boradi, ularni shakllantirishga ta’sir ko‘rsatadigan sabablarni tahlil qiladi, shuningdek, respublikaning xalqaro reytinglarini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
respublikada ishbilarmonlik muhiti va investitsiya iqlimining holati haqida xorijiy investorlar va xorijiy mamlakatlarning boshqa vakillari orasida so‘rovlar o‘tkazadi, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish sohasida xalqaro tajribani o‘rganadi, shu asosida investitsiya strategiyasi bo‘yicha ma’lumotlar va tavsiyalar tayyorlaydi;
xorijiy mamlakatlarning o‘xshash agentliklari, tashkilotlari va boshqa subyektlari bilan investitsiya faoliyati sohasida har tomonlama hamkorlikni tashkil etadi.
