Polsha delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligiga tashrif buyurdi
2025-04-08 09:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Agentlik vakillaridan tashqari “Beshmakon” MCHJ va “BP Pharma” MCHJ kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida Polsha delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan barqaror savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi. Qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, farmatsevtika sohasida hamkorlik hamda madaniy tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan Polshaning Dary Natury kompaniyasi hamda O‘zbekistonning farmatsevtika yo‘nalishidagi “BP Pharma” MCHJ o‘zaro hamkorlikka qiziqish bildirganliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Agentlik vakillari Polsha tomonini 2025-yil 10–12-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etdilar.


