Yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan muhim qonun qabul qilindi
2026-05-21 10:00:00 / Yangiliklar

Yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan muhim qonun qabul qilindi
(30.04.2026-yildagi O‘RQ-1142-son Qonun)
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish, investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlik subyektlari uchun teng hamda shaffof shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini takomillashtirish, yer uchastkalarini auksion orqali ajratish hamda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish borasida muhim choralar ko‘rildi.
Biroq amaliyot tahlili ayrim tadbirkorlik subyektlari o‘z zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini bajarmayotgani, ajratilgan yer maydonlaridan samarasiz yoki belgilangan maqsadga zid tarzda foydalanayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa nafaqat yer resurslarining bekor turib qolishiga, balki yangi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishiga ham to‘sqinlik qilmoqda.
Sud orqali yer uchastkalarini qaytarish amaliyoti
Amaldagi tartibga muvofiq, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari yer uchastkalarini tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga beradi. Auksion g‘olibi bo‘lgan tadbirkor bilan investitsiya bitimi tuzilib, unda loyihani amalga oshirish muddatlari va majburiyatlar aniq belgilab qo‘yiladi.
Agar tadbirkor belgilangan majburiyatlarni bajarmasa, direksiya tomonidan yer uchastkasini qaytarib olish yuzasidan iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritiladi. Lekin bu jarayonda davlat organlari davlat bojini to‘lashi talab etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda:
47 ta maxsus iqtisodiy zona;
701 ta sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda.
2020–2025-yillar davomida mazkur zonalar direksiyalari tomonidan iqtisodiy sudlarga jami 1 896 ta da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, ular uchun 2,2 milliard so‘m davlat boji to‘langan. Sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha yutish darajasi esa 97 foizdan ortiqni tashkil etgan.
Bu raqamlar davlat organlari tomonidan kiritilayotgan da’volar asosli va qonuniy ekanini ko‘rsatadi.
Yangi qonunning mazmun-mohiyati
Muammoni hal etish maqsadida “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra:
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlardan yer uchastkasini qaytarib olish to‘g‘risida iqtisodiy sudlarga murojaat qilganda davlat bojini oldindan to‘lashdan ozod etiladi.
Bu o‘zgarish:
sudga murojaat qilish jarayonini yengillashtiradi;
yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi;
yer maydonlarining uzoq vaqt samarasiz turib qolishining oldini oladi;
investitsiya intizomini kuchaytiradi.
Davlat budjetiga zarar yetmaydi
Qonunning eng muhim jihatlaridan biri — davlat budjetiga moliyaviy yuk tushmasligidir.
Chunki:
• davlat organlari faqat sudga murojaat qilish bosqichida davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi;
• agar sudda da’vo rad etilsa, davlat boji amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat organining o‘zi tomonidan to‘lanadi;
• agar da’vo qanoatlantirilsa, davlat boji tadbirkorlik subyektidan undiriladi.
Demak, mazkur mexanizm davlat manfaatlarini himoya qilish bilan birga budjet mablag‘larining asossiz sarflanishining ham oldini oladi.
Xorijiy tajriba ham o‘rganildi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Qonun loyihasini ishlab chiqishda bir qator xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilindi.
Jumladan:
Ozarbayjonda davlat organlari davlat manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud xarajatlaridan ozod qilingan;
Birlashgan Arab Amirliklarida esa vazirliklar va mahalliy davlat organlarining sudga kiritgan da’volari sud to‘lovlaridan ozod etilgan.
Xorijiy amaliyotda maxsus iqtisodiy zonalarda yer maydonlarini qaytarib olish jamoat va davlat manfaatlarini himoya qilish mexanizmi sifatida qaraladi.
Qonunning ahamiyati
Mutaxassislar fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi:
• yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash;
• investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;
• yer munosabatlarida qonuniylikni mustahkamlash;
• atrof-muhit va ekologiya muhofazasi bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, ushbu qonun davlat va jamoat manfaatlarini himoya qilish, bo‘sh yotgan yer maydonlarini iqtisodiy aylanmaga qayta jalb etish hamda investitsiya samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
