O‘zbekiston va Portugaliya investitsiya va biznes sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi
2026-04-08 14:00:00 / Yangiliklar

8-aprel kuni Lissabon shahrida O‘zbekiston–Portugaliya biznes-forumi hamda ikki mamlakat davlat tuzilmalari, ishbilarmon doiralari va tegishli tashkilotlari vakillari ishtirokida qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar doirasida Portugaliyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalari, jumladan AICEP, Autentibrisa, Capgemini, Azinor, Orica, shuningdek Portugaliya Sanoat Assotsiatsiyasi (AIP) bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida tomonlar sanoat, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, infratuzilma va mehmonxona biznesi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor institutsional hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan AICEP bilan hamkorlikni kuchaytirishga, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga, Portugaliya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarga jalb etishga hamda kelgusidagi biznes missiyalarni tashkil etishga qaratildi.
Biznes-forum va ikki tomonlama uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar. Tomonlar istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish va qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib oldilar.



