16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Janubiy Koreyaning “Herald Media Group” xoldingi bosh direktori Chxve Djin Yon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
2026-03-17 09:30:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xolding ishtirokida O‘zbekiston-Koreya biznes-forumini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Forumning o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo + Koreya” sammiti hamda Seulga kutilayotgan oliy darajadagi tashrif oldidan investitsiya kun tartibini ishlab chiqishga ko‘maklashadi. Koreyaning yetakchi investorlarini jalb etish, “The Korea Herald” platformalarida media-ko‘mak ko‘rsatish hamda manzilli B2B va B2G uchrashuvlarini tashkil etish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi.
1953-yilda asos solingan “Herald Media Group” Janubiy Koreyaning eng yirik ingliz tilidagi media-kompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Seulda joylashgan va umumiy daromadi 40 million dollarni tashkil etadi. Xolding Tailand, Vetnam va Bangladeshda xalqaro biznes-forumlar o‘tkazish bo‘yicha ulkan tajribaga ega bo‘lib, Koreya biznesi va global hamkorlar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘tab kelmoqda.


