Bank sektori investitsiyalar drayveri sifatida: islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va yangi imkoniyatlar Asakabank tomonidan tashkil etilgan Investorlar kunida taqdim etildi.
2025-11-08 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent shahrida Asakabankning 30 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Investorlar kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbir davlat tuzilmalari, bank tizimi, korporativ sektor va xalqaro moliya sektori vakillarini birlashtirib, O‘zbekiston moliyaviy ekotizimining kelajagi haqida ochiq muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirning ochilish marosimida Asakabank Kuzatuv kengashi raisi Ashot Osipyan va Boshqaruv raisi Kudratilla Tulyaganov so‘zga chiqishdi. So‘ngra Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi hamda Markaziy bank vakillarining mamlakat makroiqtisodiy tendensiyalari va investitsion jozibadorligiga bag‘ishlangan mavzuli chiqishlari bo‘lib o‘tdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev o‘z nutqida, bank sektori mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichida asosiy drayver vazifasini bajargan bo‘lib, valyuta bozorini liberallashtirish, raqobat muhitini shakllantirish hamda moliyaviy operatsiyalar shaffofligini ta’minlash kabi tizimli o‘zgarishlar aynan bank tizimidan boshlangan. Bugungi kunda esa banklar qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, qayta ishlash va to‘qimachilik sanoati kabi real sektor tarmoqlarini moliyalashtirishda strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonning bank tizimi chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda — davlat ulushi ustun bo‘lgan modeldan bozor tamoyillari va xalqaro korporativ boshqaruv standartlariga asoslangan tizimga o‘tmoqda. Bu esa strategik investorlar va banklar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda”, — dedi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev.
Uning ta’kidlashicha, islohotlarning keyingi bosqichi kapital bozorini rivojlantirish hamda 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ilk IPO jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lishini va ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar xususiy va institutsional investitsiyalarni jalb etishning yangi mexanizmlarini yaratib, Asakabank kabi tijorat banklari uchun investitsiya bankchiligi va aktivlarni boshqarish sohalarida o‘z faoliyatini kengaytirish imkonini yaratadi.
Tadbir doirasida Asakabank faoliyati yuzasidan taqdimot, hamda, “UzAuto Motors” AJ singari korporativ mijozlarning muvaffaqiyatli amaliy tajribalari namoyish etildi.
Agentlikning mazkur tadbirdagi ishtiroki mamlakatimizga institutsional investitsiyalar oqimini oshirish, korporativ moliya bozori ishtirokchilari bilan ochiq muloqotni rivojlantirish va yangi investitsion instrumentlarni joriy etishda agentlikning muhim rolini yana bir bor tasdiqladi.




