Qabul-2025 yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi
2025-05-12 12:45:00 / Press-relizlar

Tizimdagi Prezident, ijod, sport, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga 2025-2026-o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabuli to‘g‘risida Press-reliz
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bugungi kunda 210 ta maktablar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Maktablarga o‘quvchilar qabuli Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan nizomlar asosida tashkil etiladi.
Mazkur nizomlarga Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28 fevraldagi 130-son qarori bilan quyidagi o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan,
- Prezident maktablarining kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun onlayn hujjat topshirish jarayonida ixtiyoriy ravishda hududdagi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) ixtisoslashtirilgan maktablardan birini tanlagan, Prezident maktablarining 5-sinfiga kirish imtihonlarining 2-bosqichida ishtirok etib, o‘qishga qabul qilinmagan 48 nafar o‘quvchi ballar ketma-ketligida hujjat topshirgan ixtisoslashtirilgan maktabning aniq fanlar yo‘nalishi uchun belgilangan qabul kvotasining 50 foizidan oshmagan holda o‘qishga qabul qilinadi;
- kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra o‘quvchining to‘plagan ballari bir nechta ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish uchun yetarli bo‘lgan taqdirda u tanlagan birinchi maktabga o‘qishga qabul qilinadi;
- ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quv yilining I choragi yakuniga qadar ballar ketma-ketligi bo‘yicha o‘quvchilar qabul qilinadi;
- Agentlik tomonidan har yili o‘tkaziladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida badiiy adabiyot va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan tuman (shahar) va viloyat bosqichlaridan iborat tanlovning viloyat bosqichida sovrinli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 6-sinf o‘quvchilari ijod maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonisiz o‘qishga qabul qilinadi.
Bunda, o‘quvchilar onlayn hujjat topshirish jarayonida tanlov g‘olibi bo‘lganligi to‘g‘risidagi diplomning elektron nusxasini platformaga joylashi talab etiladi.
2025-2026-o‘quv yili uchun Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 14 apreldagi 74-son yig‘ilish bayoni tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
o‘quvchilar qabuli jarayoni monitoringini yuritish hamda muvofiqlashtirish uchun malakali mutaxassislardan iborat shtab tashkil etildi;
o‘quvchilarning hujjatlarini onlayn shaklda qabul qilish, shuningdek, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun har kuni soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydigan Murojaatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Murojaatlar markaziga fuqarolar 1206 qisqa raqam orqali bog‘lanishlari mumkin.
Bundan tashqari, Agentlik tizimidagi barcha maktablarda talabgorlarga onlayn hujjat topshirishga ko‘maklashish hamda o‘quvchilar qabuli yuzasidan murojaatlarga javob berish bo‘yicha (hududiy) shtablar tashkil etildi.
Agentlik tizimidagi Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari hamda kirish imtihonlari iyul oyida o‘tkaziladi.
2025-2026 o‘quv yili uchun:
Prezident maktablarining 5-sinfiga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga bir xil 12 nafardan 24 nafar jami 336 nafar;
ijod maktablarining 7-sinfiga 440 nafar;
Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 5-sinfiga 24 nafar;
Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 1-sinfiga 24 nafar;
ixtisoslashtirilgan maktablarning aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlariga tegishliligi bo‘yicha 5- va 7-sinflarga 8 200 nafar o‘quvchilar qabul qilinadi.
Zaruratga ko‘ra mazkur qabul kvotalariga Agentlik tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari tomonidan hujjatlar onlayn shaklda:
my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
Agentlikning ariza.piima.uz rasmiy veb-sayti;
hamda mobil ilova orqali qabul qilinadi.
O‘quvchilar faqat o‘zi ta’lim olayotgan maktab joylashgan hududdagi Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishlari mumkin.
O‘quvchilarga Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish jarayonida ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini qo‘shimcha (alternativ) tanlash imkoniyati beriladi.
Shuningdek, ro‘yxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor (1, 2, 3-o‘rinlar) bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi;
O‘tgan o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etilgan bo‘lsa, 2025-2026 o‘quv yilida Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Xorazm viloyatlarida tashkil etiladi.
Qolaversa, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiali tashkil etiladi.
Ushbu maktablarga 2025-2026 o‘quv yili uchun faqat shu hududning o‘quvchilari hujjat topshirishadi. Bu kabi maktablar kelgusi yillarda bosqichma-bosqich qolgan barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 10 ta, jumladan,
Andijon viloyatining Buloqboshi, Jalaquduq, Paxtaobod;
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor;
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq;
Xorazm viloyatining Gurlan, Urganch, Bog‘ot tumanlari;
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.
Joriy yilgi qabul jarayonlarida 4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida hududidagi Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktabning aniq fanlar yo‘nalishi va mavjud bo‘lgan taqdirda o‘z hududidagi yoki Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga;
6-sinfni tamomlagan o‘quvchilar hududidagi ixtisoslashtirilgan maktabning tabiiy fanlar yo‘nalishiga va Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishlari mumkin.
Prezident maktablariga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli (matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo baholarga tamomlagan) o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi.
Ijod, sport, ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish jarayonida baholar tabelida a’lo baholarning bo‘lishi talab etilmaydi.
I. Prezident maktablarining kirish imtihonlari 2 bosqichda Angliyaning Cambridge xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich — matematika fanidan (30 ta) test shaklida o‘tkaziladi. Birinchi bosqich natijalari imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida e’lon qilinadi.
Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 nafardan, har bir maktabga jami 480 nafar eng yuqori ball to‘plagan talabgorlar ikkinchi bosqichda ishtirok etishlariga ruxsat etiladi.
Ikkinchi bosqich — matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha jami 40 ta, ingliz tili fanidan grammatika va matn bilan ishlash bo‘yicha 40 ta test shaklida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqich natijalari imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun ichida Agentlik va Cambridge xalqaro tashkilotining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
II. Ijod maktablarining kirish imtihonlari davlat tilida (Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoraqalpoq tilida), Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida chet tilida 3 bosqichda o‘tkaziladi:
birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish;
ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat;
uchinchi bosqich — ona-tili va adabiyoti fanidan 20 ta, ingliz tilidan 15 ta hamda intellektual qobiliyat darajasini aniqlash bo‘yicha 15 ta jami 50 ta test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
III. Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari Singapurning Marshall Cavendish Education xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda amalga oshiriladi:
aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha matematika fanidan 30 ta va ingliz tili fanidan 15 ta jami 45 ta test;
tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha science fanidan 30 ta va ingliz tili fanidan 15 ta jami 45 ta test topshiriqlari asosida o‘tkaziladi.
Joriy yil ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘tkaziladigan kirish imtihonlarida Marshall Cavendish Education tashkiloti ishtirok etadilar. Imtihon natijalari hamkor tashkilot bilan birgalikda tahlil qilinadi va imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida Agentlik hamda Marshall Cavendish Education xalqaro tashkilotining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Xabaringiz bor, iqtidorli yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda uzviylikni ta’minlash maqsadida tizimda 2 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan:
I. Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida 1 058 nafar talabalar 4 ta yo‘nalishdagi fakultetlarda ta’lim olishmoqda.
Universitetda 2025-2026 o‘quv yili uchun:
2025 yilning 20 yanvar sanasidan 9 ta (muhandislik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Kiber xavfsizlik, Amaliy matematika, Iqtisodiyot, Pedagogika va Sanoat boshqaruvi) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjatlar qabul qilinayotgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarga 336 nafar;
2025-yilning 21 fevralidan boshlab esa 10 ta (muhandislik, Radioelektronika, Sun’iy intellekt, Amaliy informatika, Iqtisodiyot, Amaliy tilshunoslik, Zamonaviy fizika, Sanoat boshqaruvi – innovatsiya va biznesni revojlantirish, Loyiha boshqaruvi) magistratura mutaxassisligiga hujjatlar qabul qilinayotgan bo‘lib, ushbu mutaxassisliklarga 180 nafar talabalar qabul qilinadi.
Hujjat topshirish jarayonida inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida Admission Portal elektron platformasi joriy etildi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun saralash imtihoni 2025-yil 5-iyul kuni Angliyaning Cambridge University Press & Assesment tashkiloti bilan hamkorlikda, matematika va mantiqiy fikrlash fanlaridan ingliz tilida respublika bo‘yicha barcha hududlarda oflayn shaklda tashkil etiladi.
Magistratura mutaxassisliklari uchun esa “Yangi O‘zbekiston” universitetida birinchi imtihonlar 26 aprelda o‘tkazilgan bo‘lsa, 2- va 3-imtihonlar mos ravishda 14 iyun va 21 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
II. Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son farmoni asosida Agentlik tasarrufiga o‘tkazilgan.
Bugungi kunda 2415 nafar talaba 18 ta yo‘nalishlarda bakalavriat va 132 nafari 9 ta mutaxassislikda magistraturada ta’lim olmoqda.
Institutga 2025-2026 o‘quv yili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining kunduzgi shakli uchun 725 nafar, kechki ta’lim shakli uchun 100 nafar hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 75 nafar jami 900 nafar talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Magistratura mutaxassisliklariga qabul diplom ballari va til bilish sertifikatlari asosida amalga oshiriladi.
III. 2025-2026 o‘quv yilida Agentlik tasarrufida yana 1 ta oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 30-apreldagi PQ-160-son qaroriga asosan Xorazm viloyati Urganch shahrida Agentlik tizimida muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasasi shaklida Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi.
Universitetda asosan matematika, aerokosmik texnologiyalar, muhandislik, IT va sun’iy intellekt sohalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga qaratiladi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab malakali professor-o‘qituvchilarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda talabalarni o‘qitish davlat va ingliz tillarida kredit-modul tizimi asosida olib boriladi hamda ta’lim jarayoni Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, universitetga tutash hududda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali tashkil etilmoqda. Mazkur maktabda o‘quv jarayoni 7-yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
dastlabki 5-yilda ustuvorlik o‘quvchilarda fizika, matematika, informatika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2-yilda esa muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikni ta’minlashga qaratiladi;
o‘quvchilar tanlovi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari bo‘yicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.


