Brifing: "Ixtirochilikka qadam" respublika tanlovi
2025-04-21 15:10:00 / Brifinglar

“Ixtirochilikka qadam” tanlovining respublika bosqichi may oyining 3-o‘n kunligida o‘tkaziladi
Bu haqda joriy yilning 21-aprel sanasida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov ma’lum qildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-55-son farmonida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” loyihalar tanlovini o‘tkazish hamda ushbu tanlov g‘oliblarining loyihalarini amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.
Tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, jumladan, Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablari, davlat va nodavlat umumta’lim maktablarining 5–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni o‘zlari qiziqqan sohalarga yo‘naltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini rag‘batlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.
Tanlov har yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilar ixtirochi.piima.uz maxsus onlayn platformasidan ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi. Ishtirokchilar individual yoki jamoa sifatida ishtirok etishlari mumkin. Bunda, jamoa a’zolarining soni 3 nafardan oshmasligi lozim.
2024/2025-o‘quv yilida “Ixtirochilikka qadam” tanlovida ishtirok etish uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan jami 8 319 ta loyiha ishlari ixtirochi.piima.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shunga ko‘ra, 2024-yilning 24-, 25-, 26-oktabr kunlari “Ixtirochilikka qadam” tanlovining birinchi (maktab) bosqichi, 12-, 13-, 14-dekabr kunlari ikkinchi (tuman/shahar) bosqichi tashkil etildi. Jami ishtirokchilar orasidan
1 537 ta loyiha ishlari tanlovning ikkinchi (tuman/shahar) bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 28-fevral – 1-mart kunlari tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichi tashkil etildi. Bunda tanlovning birinchi (maktab) bosqichida g‘olib deb topilgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning jami 204 ta loyiha ishi, tanlovning ikkinchi (tuman/shahar) bosqichida g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta ta’lim va nodavlat ta’lim muassasalarining 489 ta loyiha ishlari tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.
Shunga ko‘ra, tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida jami 693 ta loyiha ishlari ishtirok etdi. Tanlovning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma olgan o‘quvchilar ro‘yxati ixtirochi.piima.uz saytiga joylashtirildi.
Tanlovning to‘rtinchi (respublika) bosqichi joriy yil may oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Respublika bosqichida eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 ta loyiha ishi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amaliyotga tatbiq etish uchun tavsiya qilinadi.
