III xalqaro kimyo olimpiadasida Özbekiston terma jamoasi 16 ta medalni qölga kiritdi
2026-11-09 18:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 3–9-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasining Nukus şahrida ötkazilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi III xalqaro kimyo olimpiadasi — ARBIÇO 2026 öz yakuniga yetdi. Bugun olimpiada ğolib va sovrindorlarini taqdirlaşga bağişlangan tantanali marosim bölib ötdi.
Tadbirda Özbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vaziri örinbosari Mehriniso Pardayeva, Fanlar akademiyasi birinçi vitse-prezidenti Şomansur Sagdullayev, Qoraqalpoğiston Respublikasi Jöqorği Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlaniş, yoşlar siyosati va jamoat birlaşmalari masalalari qömitasi raisi Murat Atamuratov, Ixtisoslaştirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Şakirova, Fan olimpiadalari markazi direktori, ARBIÇO 2026 Taşkiliy qömitasi raisi Töraboy Şermatov hamda xalqaro olimpiada taşkilotçilari, ekspertlar va mehmonlar iştirok etdi.
Mazkur nufuzli xalqaro bilimlar bellaşuvida Ozarbayjon, Kosta-Rika, Gruziya, Isroil, Iordaniya, Qozoğiston, Qirğiziston, Malayziya, Möğuliston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Turkmaniston va Özbekistondan kelgan iqtidorli öquvçilar iştirok etdi.
Olimpiada iştirokçilari nazariy va amaliy bosqiçlarda öz bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Bellaşuvlar xalqaro standartlar asosida taşkil etilib, iştirokçilarning kimyo fani böyiça nazariy bilimlari, laboratoriya könikmalari va ilmiy-tahliliy fikrlaş qobiliyatlari sinovdan ötkazildi.
Yakuniy natijalarga köra, Özbekiston terma jamoasi a’zolari jami 16 ta medalni — 4 ta oltin, 6 ta kumuş va 6 ta bronza medalini qölga kiritdi. Şuningdek, yurtdoşlarimiz amaliy bosqiçda mutlaq ğoliblikka erişdi.
Medal sovrindorlari qatorida Özbekiston vakillari ham munosib örin egalladi. Bu natijalar mamlakatimizda yoşlarning aniq va tabiiy fanlarga bölgan qiziqişini oşiriş, iqtidorli öquvçilarni qöllab-quvvatlaş hamda xalqaro miqyosda raqobatbardoş avlodni tarbiyalaş borasida amalga oşirilayotgan işlar samarasidir.
Şuningdek, amaldagi tartiblarga muvofiq, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiadalar ğoliblari va sovrindorlari uçun bir martalik pul mukofotlari, ularni tayyorlagan pedagoglar uçun rağbatlantiriş çoralari belgilangan. Xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiadalar sovrindorlari oliy ta’lim muassasalariga kirişda tegişli fan böyiça maksimal ball oliş huquqiga ega.
Alohida ta’kidlaş joizki, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalgan mazkur xalqaro olimpiada yoş avlodni ilm-fanga, izlanişga va kaşfiyotlar sari intilişga undaş, şuningdek, mamlakatlar örtasidagi ilmiy va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaşda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olimpiada doirasida iştirokçilar uçun madaniy-ma’rifiy dasturlar, tarixiy qadamjolarga sayohatlar va xalqaro muloqot tadbirlari ham taşkil etildi. Şu tariqa, Nukus şahri mezbonlik qilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi III xalqaro kimyo olimpiadasi yuqori saviyada taşkil etilgan holda öz nihoyasiga yetdi.
ARBIÇO 2026 — ilm-fan, döstlik, hamkorlik va yoş iste’dodlar kamolotini birlaştirgan xalqaro bilimlar maydoni sifatida yodda qoldi.









