USTOZGA EHTIROM — KELAJAKKA EHTIROM
2026-10-01 10:25:00 / Yangiliklar

#Ustoz_va_murabbiylar_kuni
Aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbdan muborakbod etamiz!
Ustozlik — bilim berish bilan cheklanmaydigan ulug‘ mas’uliyat. Siz o‘quvchining iste’dodini kashf etasiz, uning imkoniyatlariga ishonasiz, izlanishga undaysiz va eng muhimi — kelajakda o‘z o‘rnini topishiga yo‘l ko‘rsatasiz.
Bugun Agentlik tizimidagi o‘quvchilarimizning xalqaro olimpiadalarda qo‘lga kiritayotgan medallari, nufuzli universitetlarga qabul qilinayotgani, ilm-fan, ijod, sport va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishlarida erishayotgan har bir yutug‘i ortida ustozlarning katta mehnati, sabri va fidoyiligi bor.
Mamlakatimizda pedagoglarning nufuzi va maqomini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib qadrlash va yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan e’tibor ustozlar zimmasiga yanada katta ishonch va mas’uliyat yuklamoqda. Zero, ta’limga kiritilgan eng katta sarmoya — bu, avvalo, ustozga bildirilgan ishonchdir.
Qadrli ustozlar!
Har bir shogirdingizning yutug‘ida siz bergan bilim, har bir dadil qadamida siz bildirgan ishonch, har bir katta marrasida esa sizning mehnatingiz mujassam.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar va shogirdlaringiz yutuqlaridan doimo faxrlanib yurish baxtini tilaymiz.
