ISMI HAM QAHRAMON, NATIJASI HAM!
2026-09-19 10:45:00 / Yangiliklar

#NASA
Natija esa — NASA’ning rasmiy e’tirofi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-05-sinf o‘quvchisi Qahramon Choriyev NASA axborot tizimlarida 10 dan ortiq xavfsizlik zaifligini aniqladi hamda Letter of Recognition — rasmiy e’tirof maktubiga sazovor bo‘ldi.
Qahramon ushbu natijaga NASA’ning Vulnerability Disclosure Program (VDP) dasturi doirasida erishdi. U aniqlagan zaifliklar orasida P5, P4, P3 va P2 darajasidagi holatlar mavjud bo‘lib, yuqori darajadagi P2 zaiflik NASA tomonidan tasdiqlanib, bartaraf etildi. NASA qoidalariga ko‘ra, Letter of Recognition P1–P4 darajasida baholangan, tasdiqlangan va bartaraf etilgan zaifliklar uchun beriladi.
E’tiborlisi, bu maxsus o‘quv laboratoriyasidagi topshiriq emas. Qahramon NASA’ning VDP doirasida tekshirishga ruxsat berilgan real axborot resurslaridagi zaifliklarni mas’uliyatli tarzda aniqlab, ular haqida belgilangan tartibda xabar bergan. NASA mazkur dastur orqali xavfsizlik tadqiqotchilariga belgilangan doirada zaifliklarni aniqlash va xabar qilish imkonini beradi.
Maktab partasidan — NASA e’tirofigacha. Qahramonning natijasi kiberxavfsizlikka qiziqish, bilim va amaliy ko‘nikmalar maktab davridayoq qanday natijaga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Qahramon Choriyevni ushbu natija bilan tabriklaymiz va kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz!
