XORIJIY TILLARGA IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTAB PEDAGOGLARI UCHUN O‘QUV-SEMINAR
2026-08-27 18:30:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat rahbar va pedagog xodimlari uchun Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — rahbar va pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy ta’lim metodlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularni Kembrij xalqaro dasturi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Seminarda maktab rahbariyati bilan bir qatorda mahalliy va xorijiy pedagoglar ham ishtirok etdi.
O‘quv-seminarning ochilish marosimida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova hamda «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti maslahatchisi Stiv King so‘zga chiqdi. Unda yangi maktabda o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta o‘rganishi, STEM fanlarini chuqur o‘zlashtirishi hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun ilg‘or xalqaro ta’lim yondashuvlarini samarali joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
O‘quv-seminarga xalqaro tajribaga ega mutaxassislar jalb etilib, ishtirokchilar uchun yo‘nalishlar kesimida mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda xalqaro ta’lim tajribalarini o‘quv jarayoniga samarali tatbiq etish, zamonaviy pedagogik yondashuvlardan foydalanish hamda yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.









