Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari va yangi ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-06-19 10:25:00 / Press-relizlar

PRESS-RELIZ
Toshkent shahrida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari, tizimdagi maktablar tarmog‘ini kengaytirish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va keng ko‘lamli islohotlar natijasida so‘nggi 10 yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimi tubdan yangilandi. Xususan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i shakllanib, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning salohiyatini rivojlantirish va xalqaro standartlar asosida ta’lim berishning samarali tizimi yaratildi.
2025/2026 o‘quv yilida Agentlik tizimida 228 ta maktab faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026/2027 o‘quv yilidan ularning soni 249 taga yetkaziladi. Natijada qo‘shimcha 21 ta maktabda 5 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchi uchun yangi ta’lim imkoniyatlari yaratiladi.
Jumladan, Qashqadaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etilib, 5–10-sinflarga qabul amalga oshiriladi. Shuningdek, 11 ta muhandislik maktabi, Mirzacho‘l, Romitan, Toyloq, Xovos, Toshkent va So‘x tumanlarida yangi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. (So‘x tumanidagi maktabda ta’lim davlat tilida olib boriladi).
Matbuot anjumanida 2026/2027 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli jarayonlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Hujjatlar qabuli my.gov.uz va ariza.piima.uz platformalari orqali 15-maydan 14-iyunga qadar amalga oshirildi. Sport, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati hamda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga
15-maydan 4-iyungacha, Prezident maktablariga esa hujjatlar qabuli 25-maydan 14-iyungacha davom etdi.
Qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida joriy yilning 1-may sanasidan 1206 qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 60 mingga yaqin murojaatga javob berildi. Hududlardagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tashkil etilgan shtablar ko‘magida esa barcha arizalarning qariyb 25 foizi rasmiylashtirildi.
Joriy yilgi qabul kampaniyasida jami 446 530 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilindi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 165 ming nafarga yoki 60 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2025/2026 o‘quv yilida 281 599 nafar talabgor hujjat topshirgan edi.
Shundan Prezident maktablariga 60 169 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bir o‘ringa o‘rtacha 179 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda. Eng yuqori raqobat Farg‘ona viloyatida qayd etilib, bir o‘rin uchun 279 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda. Ijod maktablariga 8 143 ta, ixtisoslashtirilgan maktablarga 217 407 ta, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga esa 31 676 ta ariza topshirilgan.
Matbuot anjumanida kirish imtihonlari sanalari ham e’lon qilindi. Jumladan, Prezident maktablariga saralash bosqichi 25-iyun, ikkinchi bosqich esa 17-iyul kuni o‘tkaziladi. Ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonlar 27–30-iyun, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga 27-iyun, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati hamda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga 1-iyul va 23-iyul kunlari, ijod maktablariga 2-iyul kuni, Muhammad al-Xorazmiy hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ularning hududlardagi filiallariga 3-iyul kuni, sport maktablariga amaliy va nazariy imtihonlar 1-10-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Qayd etilishicha, Prezident maktablari imtihonlari Cambridge, ixtisoslashtirilgan maktablar imtihonlari esa Marshall Cavendish xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Barcha imtihonlar ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilib, jarayonlarni test2026.uz platformasi orqali onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi.
***
Ota-onalar va talabgorlarga imtihonlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi hamda imtihonga kirish ruxsatnomasi bilan kamida bir soat oldin yetib kelish tavsiya etiladi.
Imtihon natijalari belgilangan muddatlarda Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi, natijalardan norozi bo‘lgan talabgorlar uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi eslatib o‘tiladi.
2026/2027-o‘quv yili uchun kirish imtihonlari jadvali
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga
kirish imtihonlari quyidagi kunlarda o‘tkaziladi:
|
Iyun oyi imtihonlari: |
|
|
Sana |
Imtihon turi |
|
15–24-iyun |
Ijod maktablari uchun ijodiy imtihonlar |
|
25-iyun |
Prezident maktablari – 1-bosqich (saralash) |
|
26-iyun |
Xorijiy tillar maktab-internati (5–7-sinflar) |
|
27-iyun |
“Yangi O‘zbekiston” universiteti |
|
28–30-iyun |
Ixtisoslashtirilgan maktablar |
|
1-iyul |
Al-Beruniy xalqaro maktab-internati – 1-bosqich, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi |
|
2-iyul |
“Ijod maktablari |
|
3–4-iyul |
Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar |
|
1–10-iyul |
Sport maktablari (amaliy + nazariy imtihonlar) |
|
17-iyul |
Prezident maktablari – 2-bosqich |
|
23-iyul |
Al-Beruniy xalqaro maktab-internati – 2-bosqich |
