Agentlik va Xitoyning BCEC kompaniyasi o‘rtasida ta’lim sohasidagi yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
2026-05-21 21:45:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova va Xitoyning “Beijing Capstone Education Consulting” (BCEC) kompaniyasi vitse-prezidenti Ye Venbin o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari, yangi qo‘shma loyihalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
BCEC vakillari tomonidan “O‘zbekiston-Xitoy ta’lim markazi” (UCEC) faoliyati va yutuqlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Kompaniya tomonidan Agentlik bilan quyidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish taklif etildi:
O‘qituvchilar malakasini oshirish – ingliz tili va STEM fanlari bo‘yicha malaka oshirish dasturlari;
Maktab maslahatchilari (counselors) uchun treninglar – o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va nufuzli universitetlariga (Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Xitoy) hujjat topshirish jarayonlarida ko‘maklashuvchi maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
Innovatsion STEM laboratoriyalari – 2026-yilda “Kelajak” markazi bilan hamkorlikda elektron tijorat (E-commerce), mexanik avtomatlashtirish (Mechanical Automation) va “aqlli” qishloq xo‘jaligi (Smart agriculture) yo‘nalishlarida 3 ta zamonaviy laboratoriya barpo etish.
Shuningdek, Toshkent shahrida QS reytingida kuchli 300 talikka va Shanxay reytingida kuchli 100 talikka kiruvchi 5–7 ta nufuzli Xitoy universitetlari ishtirokida “Xitoy texnologiyalar hubi”ni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan loyihalarni amalga oshirish, sarmoyaviy va ta’lim dasturlarini kelishish hamda navbatdagi amaliy qadamlarni belgilash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.






