Agentlik va UDEA hamkorligi: iqtidorli yoshlar uchun grant
2026-05-22 14:20:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi hamda "University of Digital Economy and Agrotechnologies" (UDEA) rahbariyati o‘rtasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xalqaro standartlar asosida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumot uchun: UDEA universiteti qisqa muddat ichida nufuzli Coventry University (Buyuk Britaniya) bilan validatsiya (Transnational Education - TNE) bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘z talabalariga xalqaro tan olingan Britaniya diplomini berish huquqini qo‘lga kiritgan.
Uchrashuvda Agentlik direktori Sevara Shakirova, UDEA birinchi prorektori Sherzod Aktamov va Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Bahrom Badalov ishtirok etdi.
Universitetning Biznes fakultetida 5 ta yo‘nalish, jumladan, jahon mehnat bozorida eng talabgir bo‘lgan moliya, biznes, IT va "IT for business" yo‘nalishlari mavjud. Grant asosida o‘qish istagida bo‘lgan bitiruvchilar Foundation bosqichidan qabul qilinadi. Nomzodlar uchun minimal talab etiladigan ingliz tili darajasi IELTS 6.0 (Writing kamida 5.5) etib belgilangan. Shuningdek, grantni qo‘lga kiritgan va yotoqxonaga ehtiyoji mavjud bo‘lgan talabalarga universitet tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar va yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Agentlik tizimidagi maktablar (Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar) bitiruvchilari uchun “Agrobank” ATB moliyaviy ko‘magida ta’lim grantlari ajratilishi taklif qilindi.
Ushbu hamkorlik Agentlik bitiruvchilari uchun O‘zbekistonning o‘zida turib xalqaro Britaniya ta’limiga ega bo'lish va kelajakda mamlakat iqtisodiyoti hamda IT sohasiga o‘z hissasini qo‘shish uchun katta qadam bo‘lib xizmat qiladi.



