“Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturining birinchi o‘quv yili “Renessans”da yakunlandi
2026-05-20 21:20:00 / Yangiliklar

🌿 Bugun “Renessans” oromgohida Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi doirasida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv urslarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastur iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va dunyoning TOP-100 universitetlariga tayyorlashni maqsad qilgan.
Kurslar davomida o‘quvchilar nafaqat akademik bilimlarini mustahkamladi, balki liderlik, jamoada ishlash, tanqidiy va global fikrlash ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi. Marosimda Agentlik direktori Sevara Shakirova so‘zga chiqib, dastur natijalari va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.
“Bugun biz ‘Prezident iqtidorli farzandlari’ milliy dasturining dastlabki, ammo juda muhim bosqichini yakunlamoqdamiz. ‘Renessans’ oromgohida o‘tkazilgan qisqa muddatli kurslar davomida yoshlarimiz nafaqat bilim, balki o‘z kuchiga ishonch, jamoada ishlash, global fikrlash va yetakchilik kabi hayotiy ko‘nikmalarni egalladi. Men har bir ishtirokchining ko‘zlarida yonayotgan chaqnashni, har bir ustozning fidoyiligini ko‘rdim. Ishonchim komilki, bu yigit-qizlar kelajakda dunyoning eng nufuzli universitetlarida O‘zbekiston nomini baland ko‘taradi. Sizlar – kelajagimizning bunyodkorlarisiz!
Tadbir davomida o‘z mehnati va faolligi bilan ajralib turgan ustozlar hamda ishtirokchilar taqdirlandi.
Ma'lumot uchun: "Prezident iqtidorli farzandlari" milliy dasturiga 2026–2027-o'quv yili uchun qabul kvotasi va imtihon sanasi rasman tasdiqlandi.









