Agentlik va BCEC o‘rtasida xalqaro hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-05-14 18:20:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va Beijing Capstone Education Consulting (BCEC) xalqaro ta’lim tashkiloti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi:
STEM yo‘nalishida o‘qituvchilarni tayyorlash – agentlik tizimidagi maktablarda STEM fanlarini rivojlantirish, o‘qituvchilarning zamonaviy pedagogik va texnik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqiladi.
Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirish – o‘qituvchilar va mutaxassislar XXRda o‘tkaziladigan maxsus malaka oshirish dasturlariga yuboriladi. Bu ularga ilg‘or xalqaro tajribani bevosita o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.
Maktab maslahatchilari uchun treninglar – o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim imkoniyatlari va psixologik qo‘llab-quvvatlash masalalarida maslahatchilarning malakasini oshirishga qaratilgan trening dasturlari hamkorlikda amalga oshiriladi.
Ushbu memorandum ikki tashkilot o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklikning boshlanishi bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish va o‘zbekistonlik o‘qituvchilar hamda mutaxassislarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.


