Xitoy va O‘zbekiston hamkor maktablari: ta’limda yangi davr boshlandi
2026-05-12 20:10:00 / Yangiliklar

Butunjahon raqamli ta’lim konferensiyasi doirasida “Xitoy va O‘zbekiston hamkor maktablari” dasturini rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova va Xitoy Xalqaro ta’lim almashinuvlari assotsiatsiyasi (CEAIE) bosh kotibi Yan Szyun imzoladilar.
Memorandum ta’lim sohasida amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda ikki mamlakat maktablari o‘rtasida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari kabi asosiy yo‘nalishlarda o‘zaro almashinuvni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Dasturning rasmiy boshlanishi O‘zbekistonning barcha hududlaridan 14 ta Prezident maktabi va Xitoyning 12 ta yetakchi maktabi o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi bilan boshlandi.
Shuningdek, dastur doirasida umumta’lim maktablari va Xitoy maktablari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Bu ikki davlat ta’lim tizimlarini yanada yaqinlashtiradi va o‘quvchilar hamda pedagoglar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Memorandum doirasida tomonlar quyidagi tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar:
Hamkor maktablar sun’iy intellekt sohasini birgalikda o‘rganadi, SI bo‘yicha o‘quv dasturlari va materiallarini ishlab chiqadi, shuningdek, STEM, tabiiy fanlar va tillarni o‘qitish sohalarida hamkorlikni kengaytiradi.
SI o‘qituvchilari uchun maxsus treninglar, malaka oshirish va almashinuv dasturlari tashkil etiladi. Soha ekspertlari va olimlari ma’ruzalar o‘qish hamda ilg‘or amaliy tajriba almashish uchun jalb qilinadi.
Tomonlar sun’iy intellekt sohasida o‘quvchilarning qo‘shma amaliy loyihalarini rag‘batlantiradi. Matematika, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha muntazam olimpiadalar va tanlovlar, shuningdek, qo‘shma yozgi ilmiy oromgohlar tashkil etiladi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari o‘zaro muloqot qilish maqsadida maxsus platformaga ega bo‘ladilar; bu platforma orqali qo‘shma seminarlar tashkil etish, direktorlar o‘rtasida tajriba almashish va jahon tamoyillarini muhokama qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Xitoy va O‘zbekiston hamkor maktablari tarmog‘ining yaratilishi global dunyoqarashga, innovatsion fikrlashga va fanlararo vazifalarni samarali hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan kelajak iste’dodlarini tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratadi.


