Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi xodimlari Islom sivilizatsiyasi markaziga ma'naviy sayohat amalga oshirdilar
2026-04-18 16:45:00 / Yangiliklar

Agentlik rahbariyati va xodimlari uchun Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ma'naviy-ma'rifiy ekskursiya tashkil etildi. Ushbu tashrif "O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!" dasturi doirasidagi ichki turizmni rivojlantirish hamda davlat ta'lim muassasalari rahbar va mutaxassislarining madaniy salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlardan biri sifatida amalga oshirildi.
Agentlik xodimlari markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, u yerda saqlanayotgan tarixiy boyliklar — jumladan, 2000 dan ortiq eksponat, 800 dan ziyod nodir qo'lyozmalar va "Usmon mus'hafi" kabi noyob buyumlarni ko'rish imkoniga ega bo'ldilar. Tashrif davomida mehmonlarga markazning tashkil etilish tarixi, uning maqsadlari va dunyo sivilizatsiyasida tutgan o'rni haqida batafsil ma'lumot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yildagi Qarori asosida tamal toshi qo'yilgan ushbu majmua xalqimizning ko'p asrlik tarixi, boy ilmiy va ma'naviy merosini o'zida mujassam etgan noyob ilmiy-ma'rifiy maskan hisoblanadi. Markazning asosiy maqsadi — islom dinining ilm-ma'rifat, bag'rikenglik va insonparvarlik dini ekanini ko'rsatish, shuningdek, O'zbekistonning boy tarixiy merosini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.
Bundan tashqari, markaz "Ginnes rekordlar kitobi" tomonidan "Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi" deb tan olingan hamda YUNESKO, ICESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunda ushbu maskanda xalqaro ilmiy-ma'rifiy dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ekskursiya davomida xodimlar markaz ekspozitsiyalarida buyuk allomalarimiz — Amir Temur, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek kabi ulug' zotlarning ilmiy merosi zamonaviy texnologiyalar orqali jonli va ta'sirchan tarzda aks ettirilganini ko'rib, chuqur taassurot hosil qildilar.
Ushbu tashrif, birinchi navbatda, ta'lim va ma'rifatning bir-birisiz bo'lmasligini, ularning uyg'unligi esa jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta'minlashini yana bir bor isbotlaydi. Markazdagi "Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar", "Birinchi Renessans", "Ikkinchi Renessans", "O'zbekiston XX asrda" hamda "Yangi O'zbekiston — uchinchi Renessans" bo'limlari orqali xodimlar o'zlarining kelajak avlodlarga sifatli ta'lim berish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi mas'uliyatini yanada chuqurroq anglab etdilar.
Agentlik markaziy apparati xodimlarining Markazga ushbu ekskursiyasi, albatta, ertangi kunda ta'lim sifatini oshirish va yoshlarni milliy g'urur ruhida tarbiyalashda o'zining ijobiy samarasini ko'rsatadi. Bu esa, o'z navbatida, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.









