O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi strategik bosqichga ko‘tarilmoqda
2026-03-27 17:45:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida Xitoy Ta’lim vazirligi delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Xitoy Ta’lim vazirligining Yevrosiyo departamenti boshlig‘i Syuy Chje Szin xonim boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida Agentlik direktorining maslahatchisi Mardonbek Fayzullayev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim hamda madaniyat sohasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib, strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Muloqot jarayonida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlov bildirildi:
Prezident maktablari va Xitoyning ilg‘or ta’lim muassasalari o‘rtasida qardoshlik aloqalarini o‘rnatish;
sun’iy intellekt yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish;
Prezident maktablari rahbarlari va pedagoglari uchun Xitoyda malaka oshirish dasturlarining navbatdagi bosqichini tashkil etish;
Raqamli ta’lim bo‘yicha Butunjahon kongressida ishtirok etish.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni tomonidan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflar ilgari surildi:
xitoy tilini o‘qitish bo‘yicha zamonaviy standart va dasturlarni ishlab chiqishda hamkorlikni kuchaytirish;
xalqaro (Xitoy) maktabi uchun yangi avlod darsliklarini birgalikda yaratish va mahalliylashtirish;
maktab kutubxonalarini rivojlantirish yuzasidan tajriba almashish;
iqtidorli bitiruvchilar uchun Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish;
ilg‘or ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash;
aniq fanlar va xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun qisqa va o‘rta muddatli malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
o‘quvchilar va pedagoglar uchun qo‘shma yozgi oromgohlar hamda almashinuv dasturlarini tashkil etish.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan tashabbuslar yaqin kelajakda amaliyotga tatbiq etilib, Agentlik Xitoy Ta’lim vazirligining ishonchli hamkoriga aylanishiga ishonch bildirildi. Tomonlar ochiq va konstruktiv muloqot uchun o‘zaro minnatdorchilik izhor etdi.








