14-yanvar Vatan himoyachilari kuni BAYRAM TABRIGI
2026-01-14 09:00:00 / Yangiliklar

Vatan himoyasi — bu har birimiz uchun ulug‘ burch, oliy sharaf va katta mas’uliyatdir. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va davlatimiz barqarorligi yo‘lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir.
Bugun dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Ana shunday sharoitda milliy armiyamiz bilan bir qatorda, strategik ahamiyatga ega sohalar — sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tuzilmalarning o‘rni ham beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida milliy xavfsizlikni mustahkamlash, Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, tinchlik va barqarorlikni saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilishda armiyani modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan birga, davlat xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lgan strategik obyektlar, sanoat infratuzilmasi xavfsizligi masalalari ham ustuvor vazifalar sifatida belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamiz zamonaviy, tezkor va yuqori salohiyatga ega harbiy tuzilmaga aylanib bormoqda. Shu bilan birga, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda strategik ahamiyatga ega sanoat obyektlari, energiya va ishlab chiqarish sohalarida xavfsizlikni ta’minlash, radiatsiya va yadro xavflarining oldini olish, nazorat va profilaktika choralarini kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismi sifatida Vatan himoyasiga munosib hissa bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu muborak kunda yurtimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarga, faxriylarimizga, shuningdek, o‘zining mas’uliyatli mehnati bilan mamlakat xavfsizligiga hissa qo‘shayotgan qo‘mita xodimlariga va ularning oilalariga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Sizlarning jasoratingiz, matonatingiz, professionallik va Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, mas’uliyatli va sharafli xizmat yo‘lingizda ulkan yutuqlar, omad va zafarlar tilaymiz. Vatanimiz tinch, yurtimiz obod, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!
Abduvaqqos Rafiqov
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi
