MDHga a’zo davlatlarning atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha komissiyasining 26-yig‘ilishi
2025-12-17 21:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 17-dekabr kuni Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlarining atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha komissiyasining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Hamdo‘stlik davlatlarining tegishli organlari rahbarlari va yetakchi mutaxassislarini to‘plab, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikning asosiy jihatlari yuzasidan chuqur va samarali fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Yig‘ilishning O‘zbekistonda o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan, jumladan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlislarida bir necha bor ta’kidlangan strategik ustuvor yo‘nalishlarga to‘la mos keladi. Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shu jumladan atom energetikasini rivojlantirish, zamonaviy atom elektr stansiyalarini qurish, Hamdo‘stlik mamlakatlarining energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma innovatsion dasturlarni amalga oshirish zarurligini alohida ta’kidlab kelmoqda.
Komissiya yig‘ilishi doirasida 16- dekabr kuni MDHga a’zo davlatlarda atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni tartibga soluvchi organlar vakillari kengashining rahbariyat darajasidagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Ishtirokchilar yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, milliy me’yoriy-huquqiy bazalarni uyg‘unlashtirish, tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilg‘or tajriba almashishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shu kuni Komissiya ekspertlarining kelishuv yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi, unda qo‘shma tashabbuslarning texnik jihatlari, jumladan, favqulodda vaziyatlarda muvofiqlashtirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
17-dekabr Komissiyaning asosiy yig‘ilishi o‘tkazildi. Ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tayyorlangan keng qamrovli hujjatlar to‘plami delegatsiyalar e’tiborini tortdi. Ishtirokchilar tinch atom sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xavfsizlikning zamonaviy standartlarini va ekologik toza energetika yechimlarini joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilish yakunida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, muhim qarorlar qabul qilindi va yaqin kelajakka mo‘ljallangan hamkorlik dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.






